Valyuta kurslari 18/08/2025
$1 – 12547.38
UZS – -0,27%
€1 – 14665.38
UZS – -0,22%
₽1 – 157.02
UZS – -0,46%
Qidirish
O‘zbekiston 15/08/2025 O‘zbekistonda “Afrosiyob” poyezdiga nisbatan qo‘poruvchilik harakati sodir etgan temiryo‘l xodimlari jazolandi

O‘zbekistonda “Afrosiyob” poyezdiga nisbatan qo‘poruvchilik harakati sodir etgan temiryo‘l xodimlari jazolandi

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Navbaxor tumani jinoyat ishlari bo‘yicha sudi “Afrosiyob”tezyurar poyezdiga nisbatan qo‘poruvchilik harakati sodir etgan temiryo‘lchilar uzoq muddatga ozodlikdan mahrum etish haqida hukm chiqardi.

Huquqni muhofaza qiluvchi organlar maʼlumoticha, 2025 yil yanvar oyida “Temiryo‘linfratuzilma” AJning Buxoro mintaqaviy temiryo‘l uzeli xodimi lavozimi o‘zgartirilganidan norozi bo‘lib, hamkasbi bilan birga rahbariyatdan o‘ch olish rejasini tuzgan.

14 yanvar kuni kechqurun ular “Ziyovuddin” va “Navoiy” bekatlari orasidagi relslar ustiga 110 kilogramm og‘irlikdagi temirbeton shpal o‘rnatgan.

Oradan 15-20 daqiqa o‘tib, “Toshkent-Buxoro” yo‘nalishida 159 km/s tezlikda harakatlanayotgan, jami 148 nafar yo‘lovchisi bo‘lgan “Afrosiyob” tezyurar poyezdi temir-beton shpal bilan to‘qnashadi. Buning natijasida poyezdning harakatlantiruvchi qismlariga jiddiy shikastlangan, yo‘lovchilar orasida jabrlanuvchilar bo‘lmagan.

Davlat xavfsizlik xizmatining Navoiy viloyati bo‘yicha boshqarmasi xodimlari tomonidan boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organlar bilan hamkorlikda olib borilgan tezkor-qidiruv tadbirlari davomida mazkur shaxslar ushlanib, ularga nisbatan Jinoyat Kodeksining 161-moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borildi.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Navbahor tuman sudi tomonidan esa qonunbuzarlar qo‘poruvchilik harakatini sodir etganlikda aybdor deb topilib, ularning biriga 13 yil, ikkinchisiga esa 12 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.

Shuningdek, qo‘poruvchilik harakati natijasida jinoyatchilar tomonidan “Afrosiyob” poyezdiga 260 mln so‘m miqdorida zarar yetkazilganligi bois, ushbu pul mablag‘i davlat hisobiga undirib olindi.

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling