Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — 2025-yil 1-yanvar holatiga ko‘ra, mamlakatimizda 688 ta aksiyadorlik jamiyati mavjud bo‘lib, ulardan 261 tasi yoki 37,9% davlat ulushiga ega. Davlat ulushining umumiy hajmi 171,6 trln so‘mni tashkil etib, barcha ustav fondlarining 79,9% ga tengdir.
Davlat mulkining asosiy qismi Iqtisodiyot va moliya vazirligida jamlangan bo‘lib, u ushbu ulushning 65,9% ga egalik qilmoqda. Bu ko‘rsatkich bo‘yicha keyingi o‘rinlarda Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi (25,5%) va Davlat aktivlarini boshqarish agentligi (8,1%) joy olishdi.
333 ta aksiyadorlik jamiyatida xorijiy investorlar mavjud bo‘lib, ularning ulushi 48,4% ni tashkil etadi. Xorijiy ulushning umumiy hajmi 9,9 trln so‘mni yoki barcha ustav fondlarining 4,6% ga teng.
Investitsiyalar hajmi bo‘yicha Vengriya — 3,1 trln so‘m, Buyuk Britaniya — 1,9 trln so‘m, Qozog‘iston — 1,4 trln so‘m, Turkiya — 583 mlrd so‘m va Rossiya — 559 mlrd so‘m yetakchi davlatlar qatoriga kirmoqda.