O‘zbekiston Yevroosiyo taraqqiyot bankini tuzish to‘g‘risidagi kelishuvni ratifikatsiya qildi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Yevroosiyo taraqqiyot bankini tuzish to‘g‘risidagi Kelishuvga qo‘shilish haqidagi qonunni imzoladi.
Ushbu qonunga muvofiq, O‘zbekiston 2006 yil 12 yanvarda Ostona shahrida imzolangan xalqaro Kelishuvning ishtirokchisiga aylandi. Kelishuvning asosiy maqsadi ishtirokchi davlatlarda iqtisodiy o‘sishni rag‘batlantirish va ularning savdo-iqtisodiy aloqalarini mustahkamlashga qaratilgan investitsiyalarni faol jalb etishdan iborat.
Hujjatga ko‘ra, Yevroosiyo taraqqiyot banki faoliyati xalqaro shartnomalar, xalqaro huquq meʼyorlari va umumqabul qilingan bank standartlari asosida amalga oshiriladi. Bank ustavi ushbu Kelishuvning ajralmas qismi hisoblanib, asosiy yo‘nalishlar, maqsad va vazifalar, vakolatlar, berilgan imtiyozlar, shuningdek, ustav kapitali miqdori va uni shakllantirish shartlarini belgilaydi.
Bundan tashqari, bank ishtirokchi mamlakatlar iqtisodiyoti holati, moliya bozorlari, investitsiya salohiyati, pul-kredit va valyuta munosabatlari hamda bank faoliyati va valyuta tartibga solinishiga oid qonunchilikka doir maʼlumotlarni yig‘ish, tizimlashtirish va tahlil qilish bo‘yicha vakolatlarga ega bo‘ladi.