Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — 18 noyabr kuni Koreya Respublikasining O‘zbekistondagi elchixonasida «2024 Quiz on Korea» viktorinasi g‘olibi Mohira Ergashovani taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi.
Koreya Respublikasining O‘zbekistondagi elchisi Von Do Yon Mohiraga Koreya Respublikasi Tashqi ishlar vaziri nomidan sertifikat topshirdi va uni g‘alabasi bilan tabriklab, o‘zbek xalqining Koreyaga bo‘lgan yuksak qiziqishi va mehrini ta’kidladi.
Koreya Respublikasi elchisi ikki davlat o‘rtasidagi mustahkam hamkorlik asosida O‘zbekiston vakillarining keyingi g‘alabalariga umid bildirdi.
9-oktabr kuni Koreyaning KBS1 TV telekanalida “Koreys milliy alifbosi xangul yaratilgan kun”ga bag‘ishlangan viktorina finali namoyish etildi. Mohira Ergashova turli mamlakatlardan kelgan 19 nafar finalchini ortda qoldirdi. Finalda ishtirok etish uchun u aprel oyida O‘zbekistonda saralash bosqichidan o‘tib, yuzlab abituriyentlar bilan bellashdi.
Koreya bo‘yicha viktorina Koreya Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi va KBS telekanali tomonidan 2012 yildan beri o‘tkazib kelinmoqda. O‘zbekiston 2012, 2019 va 2022-yillarda g‘olib bo‘lgan bo‘lsa, joriy g‘alaba mamlakat uchun to‘rtinchisi bo‘ldi. Bu muvaffaqiyat Koreya Respublikasi va O‘zbekiston Respublikasi o‘rtasidagi o‘zaro anglashuv va do‘stlik munosabatlarini yana bir bor tasdiqlaydi.