O‘zbekiston va Xitoy biofarmatsevtika sohasidagi hamkorlikni kengaytirmoqda
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Xitoy davlatiga amalga oshirilayotgan xizmat safarining navbatdagi kunida Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligining delegatsiyasi bir qator manfaatli uchrashuvlarni amalga oshirdi.
Tyanszin fan va texnologiya Universiteti Ilmiy-texnologik parki (Science and Technology Park of Tianjin University of Science and Technology) rahbariyati bilan uchrashildi. Muzokaralar chog‘ida ilmiy-texnologik parkni rivojlantirish tajribasi, startaplarni qo‘llab-quvvatlash, ilm-fan natijalarini tijoratlashtirish va sanoat yechimlari yaratishga oid masalalar muhokama etildi.
Kun davomida delegatsiya Tianjin International Joint Academy of Biomedicine muassasasiga tashrif buyurdi. Mazkur akademiya — Xitoydagi yetakchi biofarmatsevtik tadqiqot markazlaridan biri hisoblanadi. Tomonlar biofarmatsevtika va biotexnologik mahsulotlar ishlab chiqarish, innovatsion loyihalar va ilmiy hamkorlik yuzasidan fikr almashdi. Akademiya rahbariyati yaqin kelajakda O‘zbekistonga tashrif buyurish niyatini bildirdi.
Safar doirasidagi navbatdagi uchrashuv innovatsion vaksinalar ishlab chiqishga ixtisoslashgan CanSino Biologics kompaniyasi bilan bo‘lib o‘tdi. Kompaniya vakillari o‘zining ilg‘or biotexnologik yechimlari va xalqaro bozordagi muvaffaqiyatli faoliyati bilan tanishtirdi. Tomonlar o‘zaro manfaatli hamkorlik yo‘nalishlarini muhokama qildi.