O‘zbekiston va Vengriya AES qurilishi loyihasi doirasida bayonnoma imzoladi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Vengriya delegatsiyasining O‘zbekistonga amaliy tashrifi doirasida "O‘zatom" agentligi, Vengriya Tashqi ishlar va savdo vazirligi hamda MVM EGI Zrt. kompaniyasi o‘rtasida AES qurilishi loyihasida hamkorlikning qator muhim yo‘nalishlari bo‘yicha erishilgan kelishuvlarni qayd etuvchi bayonnoma imzolandi.
Hujjat, jumladan, mexanik tortish kuchiga asoslangan quruq sovutish tizimlarini qo‘llash, uskunalarni yetkazib berish bo‘yicha texnik-tijorat takliflarini tayyorlash, O‘zbekiston hududida quruq sovitish tizimlarini yirik uzelli yig‘ishni tashkil etish bo‘yicha qo‘shma korxona tashkil etish ishlarini boshlash, shuningdek, Vengriya tomonidan ta’lim dasturlari va stajirovkalarni ishlab chiqishni nazarda tutadi.
Bayonnomaning imzolanishi mintaqaviy darajada atom energetikasi sohasidagi ko‘p tomonlama hamkorlikni kengaytirish yo‘lidagi muhim qadam bo‘ldi.