Valyuta kurslari 22/08/2025
$1 – 12413.79
UZS – -0,42%
€1 – 14468.27
UZS – -0,34%
₽1 – 154.86
UZS – -0,36%
Qidirish
O‘zbekiston 22/08/2025 O‘zbekiston va Turkmaniston sog‘liqni saqlash sohasida hamkorlikni mustahkamlamoqda

O‘zbekiston va Turkmaniston sog‘liqni saqlash sohasida hamkorlikni mustahkamlamoqda

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Sog‘liqni saqlash vazirligida vazir Asilbek Xudayarov Turkmaniston Respublikasining mamlakatimizdagi Favqulodda va muxtor elchisi Shadurdi Meredov bilan uchrashuv o‘tkazdi.

Eʼtirof etilganidek, keyingi yillarda O‘zbekiston va Turkmaniston o‘rtasidagi hamkorlik izchil rivojlanmoqda. Bu borada esa davlatlarimiz yetakchilari o‘rtasida o‘rnatilgan konstruktiv muloqot muhim ahamiyat kasb etayotir.

Buni tibbiyot yo‘nalishidagi aloqalarimiz har tomonlama kengayib borayotgani ham yaqqol tasdiqlaydi.

Xususan, soha uchun kadrlar tayyorlash yo‘nalishida buni ko‘rish mumkin. Ayni paytda mamlakatimizdagi tibbiyot oliy o‘quv yurtlarida 400 nafardan ziyod turkmanistonliklar taʼlim olmoqda.

Shu bilan birga, ikki davlat tibbiyot xodimlari ishtirokida turli tadbirlar muntazam o‘tkazib kelinyapti. Masalan, 2024 yilda Toshkentda bo‘lib o‘tgan xalqaro oftalmologiya kongressi doirasida Markaziy Osiyo mamlakatlari glaukomatologlari alyansi tuzilib, tegishli memorandum imzolandi.

Uchrashuvda O‘zbekiston va Turkmaniston o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlik doirasida sog‘liqni saqlash sohasidagi munosabatlarni yana-da kengaytirish bilan bog‘liq hali ishga solinmagan imkoniyatlar mavjudligi ham taʼkidlab o‘tildi.

Shundan kelib chiqib, uchrashuvda yetuk tibbiyot kadrlarini tayyorlash va ilmiy salohiyatni yana-da mustahkamlash, tegishli idoralar o‘rtasida dori vositalari sifatini nazorat qilishni taʼminlash, dori-darmon sifatini baholash jarayonida axborot va tajriba almashish, tibbiyotda innovatsion texnologiyani rivojlantirish platformasini yaratishga doir ilmiy-amaliy konferensiya, forum, trening va master-klasslarni kengaytirishga alohida eʼtibor qaratildi.

Muloqot davomida Turkmanistonning Arqadag‘ shahrida tashkil etilgan tibbiyot klasteri delegatsiyasining mamlakatimizga kelishi, yurtimiz sog‘liqni saqlash tizimi xodimlari va sohaga ixtisoslashgan tadbirkorlar bilan o‘zaro hamkorlikni yo‘lga qo‘yish masalasi muhokama qilindi.

Yakunda O‘zbekiston va Turkmaniston o‘rtasidagi tibbiyot yo‘nalishidagi aloqalarni yana-da kengaytirishga kelishib olindi.

Shuningdek, elchi vazirlikda tashkil etilgan Raqamli sog‘liqni saqlash markazi faoliyati bilan ham tanishtirildi.

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling