Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligiga a’zo davlatlar temir yo‘l transporti bo‘yicha Kengashning 81-yig‘ilishi doirasida "O‘zbekiston temir yo‘llari" AJ boshqaruv raisi Z.Narzullayev va "Roxi oxani Tochikiston" DUK rahbari Komil Jumaxon o‘rtasida ikki tomonlama hamkorlikni mustahkamlash bo‘yicha uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston va Tojikiston o‘rtasidagi yuk tashishlar hajmini oshirish, raqobatbardosh tariflarni qo‘llash hamda yangi yuk hajmlarini oshirish maqsadida yuk tashuvchilar uchun qulay shart-sharoitlar yaratish bo‘yicha muzokaralar olib borildi.
Uchrashuv yakunida, "O‘zbekiston temir yo‘llari" AJ va "Roxi oxani Tochikiston" DUK o‘rtasida hamkorlik bo‘yicha Kelishuv imzolandi.
Shuningdek, Tojikiston temir yo‘l rahbari Komil Jumaxon "O‘zbekiston temir yo‘llari" AJning tashkil etilganiga 30 yil to‘lishi munosabati bilan jamiyat rahbari Z.Narzullayevni va jamiyatning barcha xodimlarini samimiy muborakbod etdi.