Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Chorshanba kuni Toshkentda Rossiya va O‘zbekiston o‘rtasida harbiy hamkorlikni rivojlantirishni belgilab beradigan muhim hujjatlar imzolandi: ikki davlat mudofaa vazirliklarining 2025-yildagi hamkorlik rejasi va 2026–2030-yillarda harbiy sohada strategik hamkorlik dasturi.
Hujjatlarga Rossiya va O‘zbekiston mudofaa vazirliklari rahbarlari Andrey Belousov va Shuxrat Xalmuxamedov imzo chekdilar.
2025-yilga mo‘ljallangan hamkorlik rejasi ikki davlat mudofaa vazirliklari faoliyatining barcha muhim yo‘nalishlarini qamrab oluvchi 50 ta qo‘shma tadbirni amalga oshirishni ko‘zda tutadi.
Moskva va Toshkent o‘rtasidagi hamkorlik Markaziy Osiyo mintaqasida barqarorlik va xavfsizlikni ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etadi.
Rossiya mudofaa vaziri ta’kidlashicha, «Rossiya va O‘zbekiston strategik hamkorlar va vaqt bilan sinovdan o‘tgan do‘stlardir». Uning so‘zlariga ko‘ra, mamlakatlar o‘rtasidagi o‘zaro tushunish darajasi yuqori bo‘lib, hamkorlik izchil rivojlanib bormoqda.
«Hozirgi xalqaro vaziyat sharoitida bu alohida ahamiyat kasb etadi. Rossiya va O‘zbekiston rahbariyati mamlakatlarimiz kuch ishlatar idoralari o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlashga katta e’tibor qaratmoqda. Qo‘shma ishlar Markaziy Osiyoda xavfsizlikning muhim omili bo‘lib, bugungi muzokaralarni biz ushbu yo‘nalishdagi olg‘a siljish sifatida baholaymiz», – deya ta’kidladi Andrey Belousov.
Uchrashuv avvalida u o‘zbek hamkasbi bilan shaxsan tanishganidan xursandligini bildirib, uni Toshkentga taklif etgani uchun minnatdorchilik bildirdi hamda ko‘rsatilgan mehmondo‘stlikni alohida qayd etdi.
«Sizni O‘zbekiston Respublikasi mudofaa vaziri lavozimiga tayinlanganingiz bilan yana bir bor tabriklab, shu mas’uliyatli missiyada muvaffaqiyat tilayman», – deya murojaat qildi u Shuxrat Xalmuxamedovga.
Andrey Belousov shuningdek, Rossiya delegatsiyasi tarkibiga harbiy va harbiy-texnikaviy hamkorlik masalalari bilan shug‘ullanuvchi soha tashkilotlari rahbarlari kirganini ma’lum qildi.
Rossiya mudofaa vaziri bugungi uchrashuv ikki davlat o‘rtasida mudofaa sohasida yangi hamkorlik bosqichining boshlanishiga aylanishiga ishonch bildirdi.