O‘zbekiston va Ozarbayjon parlamentlararo muloqotni mustahkamlamoqda
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi Parlamentlararo Assambleyasi Kengashi majlisida ishtirok etish uchun Sankt-Peterburg shahrida amaliy tashrif bilan bo‘lib turgan Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Narbayeva Ozarbayjon Respublikasi Milliy Mejlisi Raisi Sahiba Gafarova bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Tomonlar O‘zbekiston-Ozarbayjon munosabatlarining jadal rivojlanishi ikki davlat rahbarlarining mustahkam do‘stligi va o‘zaro ishonchiga asoslanganini taʼkidladi. Bu so‘nggi yillarda muntazam tashriflar, uchrashuvlar va qo‘shma tadbirlar tufayli sezilarli darajada mustahkamlangan parlamentlararo aloqalarning faol rivojlanishiga xizmat qilmoqda.
2025-yil aprel oyida Toshkent shahrida bo‘lib o‘tgan Parlamentlararo ittifoqning 150-yubiley assambleyasi yakunlariga alohida eʼtibor qaratildi. Ushbu keng ko‘lamli anjuman O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi va xalqaro miqyosda keng qo‘llab-quvvatlangani tufayli o‘tkazilgani taʼkidlandi.
Ozarbayjon tomoniga Qo‘shilmaslik harakati Parlament tarmog‘ining Bandung ruhining 70 yilligiga bag‘ishlangan konferensiyasi tashkil etilgani uchun minnatdorlik bildirildi.
Birinchi O‘zbekiston-Ozarbayjon parlament ayol aʼzolari forumiga tayyorgarlik ishlari ham diqqat markazida bo‘ldi. Mazkur forumni tashkil etish bo‘yicha do‘stlik guruhi tuzishga kelishib olindi. O‘zbekiston tomonidan Forum konsepsiyasi hamda gender tenglik, taʼlim, ayollar tadbirkorligi, turizm va yoshlar parlamentlari hamkorligini qamrab olgan panel sessiyalar mavzulari taklif etildi.
Uchrashuv yakunida tomonlar parlamentlararo hamkorlikni yanada mustahkamlash, ikki tomonlama hamkorlik kun tartibini kengaytirish va xalqaro parlament tuzilmalari doirasida muvofiqlashtirishga tayyor ekanlikligini tasdiqladi.