Valyuta kurslari 04/03/2025
$1 – 12897.20
UZS – 0,06%
€1 – 13449.20
UZS – 0,36%
₽1 – 144.65
UZS – -1,24%
Qidirish
Iqtisod 04/03/2025 O‘zbekiston va Ozarbayjon investitsiyaviy hamkorlikni kengaytirishni rejalashtirmoqda

O‘zbekiston va Ozarbayjon investitsiyaviy hamkorlikni kengaytirishni rejalashtirmoqda

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Joriy yilning 3-mart kuni O‘zbekiston Respublikasi investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Kudratov Ozarbayjonning O‘zbekistondagi elchisi Husayn Guliyevni qabul qildi.

Suhbat chog‘ida tomonlar amaldagi kelishuvlarni o‘z vaqtida hayotga tatbiq qilish chora-tadbirlarini, shuningdek, savdo-iqtisodiy va sarmoyaviy hamkorlikni mustahkamlash istiqbollarini ko‘rib chiqdilar. Bu jarayonga ikki mamlakat ishbilarmon doiralari vakillarini keng jalb etishga alohida e’tibor qaratdilar.

Xususan, shaharsozlik, turizm va qishloq xo‘jaligi sohalarida kelishilgan loyihalarni amalga oshirish bilan bog‘liq masalalar muhokama qilindi. Qurilish ishlarini jadallashtirish boʻyicha kompleks vazifalarni belgilash bilan birga, tomonlar yangi investitsiya loyihalarini qoʻllab-quvvatlash boʻyicha kelgusidagi qoʻshma choralarni belgilab oldilar.

Investitsiyaviy hamkorlik sohasida ijobiy dinamika qayd etildi. Ayni paytda O‘zbekistonda Ozarbayjon sarmoyasi ishtirokidagi 257 ta korxona, jumladan, 56 ta qo‘shma korxona va 201 ta korxona 100 foiz Ozarbayjon kapitali asosida tashkil topgan korxona faoliyat yuritmoqda. Ushbu ko‘rsatkichlarni bir necha barobar oshirish uchun yetarli imkoniyatlar mavjudligi to‘g‘risida yakdil fikrga kelgan tomonlar O‘zbekiston va Ozarbayjon ishbilarmon doiralari o‘rtasida istiqbolli loyihalarni ilgari surishga kelishdilar.

Uchrashuv yakunida, shuningdek, joriy yilning birinchi yarmida hamkorlik boʻyicha Hukumatlararo qoʻshma komissiyaning 14-yigʻilishini va Oʻzbekiston-Ozarbayjon koʻp qirrali hamkorlikning kun tartibidagi boshqa tadbirlarni oʻtkazish boʻyicha oʻzaro chora-tadbirlar ham kelishib olindi.

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling