O‘zbekiston va Mo‘g‘uliston yuk tashish uchun elektron ruxsatnoma tizimini joriy etadi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston Respublikasi Transport vazirligida xalqaro avtomobil tashuvlari bo‘yicha O‘zbekiston-Mo‘g‘uliston qo‘shma komissiyasining yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Yig‘ilishda har ikki mamlakatning transport idoralari vakillari qatnashib, xalqaro tashuvlarni rivojlantirish istiqbollari hamda milliy tashuvchilar uchun qulay sharoit yaratish choralarini muhokama qildilar.
Tomonlar avtomobil tashuvlarining hozirgi holati yuzasidan fikr almashib, ushbu sohada hamkorlikni kengaytirish uchun katta salohiyat borligini taʼkidladilar. Muzokaralar natijasida 2025 yilda ruxsatnoma blanklari sonini ikki barobar oshirishga kelishildi.
Yig‘ilishda raqamlashtirish jarayonlariga alohida eʼtibor qaratildi. Xususan, E-Permit elektron ruxsatnoma almashinuv tizimini joriy etish masalasi muhokama qilindi. Bu tizim yuk tashish jarayonlarini tezlashtirish va ikki mamlakat o‘rtasidagi byurokratik to‘siqlarni kamaytirishga imkon beradi.
Elektron tizimning joriy etilishi tashuvchilar uchun hujjat rasmiylashtirish jarayonini soddalashtirib, xalqaro tashuvlarda samaradorlikni oshiradi.