O‘zbekiston va Malayziya yarimo‘tkazgichlar sohasida qo‘shma korxona tuzishga kelishib oldi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekistonning Malayziyadagi elchisi Karomiddin Gadoyev Malayziya hukumati huzuridagi Milliy amaliyot tadqiqot va ishlanmalar markazi (MIMOS)ga tashrif buyurib, Mimos Berhad kompaniyasi bosh direktori Saat Shukri Embong bilan muzokaralar o‘tkazdi. Bu haqda “Dunyo” axborot agentligi xabar bermoqda.
Tomonlar yarimo‘tkazgichlar sanoatida hamkorlik istiqbollarini muhokama qildi. Xususan, O‘zbekistonda yarimo‘tkazgichlarni yig‘ish va sinovdan o‘tkazish uchun autsorsing bazasini yaratish hamda o‘zbek-malayziyalik mikroelektronika texnologiyalar parkini tashkil etish masalalari ko‘rib chiqildi. Ushbu park taʼlim dasturlari, ilmiy tadqiqotlar va tajriba-eksperiment ishlarini birlashtirishi kutilmoqda.
Malayziya tomoni mutaxassislar tayyorlash muhimligini alohida taʼkidladi. O‘zbekistonda iqtidorli kadrlarni saralash va o‘qitish uchun katta imkoniyatlar mavjud ekani qayd etildi. Shu munosabat bilan MIMOS infratuzilmasidan foydalangan holda kadrlar tayyorlash, shuningdek, yarimo‘tkazgichlar ishlab chiqarish bo‘yicha qo‘shma korxona tashkil etish rejalashtirilgan.
Muzokaralar yakunida O‘zbekistonda qo‘shma korxona va mutaxassislar malakasini oshirishga yo‘naltirilgan maxsus akademiya tashkil etish bo‘yicha kelishuvga erishildi. Loyihada MIMOS va “O‘zeltexsanoat” uyushmasi ishtirok etadi.
Mimos Berhad rahbari kompaniya delegatsiyasi yaqin oylarda O‘zbekistonga tashrif buyurib, loyihalarni amalga oshirish imkoniyatlarini batafsil o‘rganishini maʼlum qildi.
Mimos Berhad Milliy markazi 1984 yil 17 oktyabrda Malayziya Mikroelektron tizimlar instituti sifatida tashkil etilgan bo‘lib, dastlab Bosh vazir departamenti tarkibida faoliyat yuritgan. Keyinchalik u Malayziya Fan, texnologiya va innovatsiyalar vazirligi tasarrufiga o‘tdi. Markaz innovatsion texnologiyalarni ishlab chiqish, yarimo‘tkazgichlar va mikroelektronika sohasidagi tadqiqotlarni amaliy qo‘llash orqali mamlakatning ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotini tezlashtirish bilan shug‘ullanadi.