Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — O'zbekiston diplomatlari Xitoyning Makao maxsus ma'muriy hududi hukumatining Pekindagi vakolatxonasi vakillari bilan muzokara o'tkazdilar, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.
Vakolatxonaning Immigratsiya ishlari bo'yicha rahbari Shu Vengan bilan konsullik–huquqiy sohadagi ikki tomonlama hamkorlikka oid masalalar, Makaoning migratsiya qoidalari, shuningdek, joriy yil 3-dekabr kuni start berilgan "Xitoyda O'zbekiston turizm yili" doirasida ikki tomonlama sayyohlik almashinuvini rivojlantirishning istiqbollari muhokama qilindi.
Shuningdek, muzokaralar chog'ida, Makao maxsus ma'muriy hududining viza siyosati, tomonlar fuqarolarining huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish hamda O'zbekiston – Makao o'rtasidagi sohaga oid me'yoriy-huquqiy bazani kengaytirish masalalari ko'tarildi.
Makao tomoniga so'ngi yillarda dunyoning boshqa mamlakatlari bilan vizalarni liberallashtirish borasida O'zbekistonning erishgan ijobiy natijalar haqida atroflicha so'zlab berildi.
Xususan, 2021-yil 1-martdan boshlab O'zbekistonda xitoyliklar, shu jumladan, Xitoyning maxsus ma'muriy hududlari bo'lgan Gonkong va Makao fuqarolari uchun 10 kungacha vizasiz rejim amal qilib kelayotganligi ta'kidlandi. Shuningdek, joriy yil 1-dekabr kuni Chendu shahrida "Xitoy Xalq Respublikasi Hukumati bilan O'zbekiston Respublikasi Hukumati o'rtasida o'zaro vizadan ozod qilish to'g'risida"gi Bitim imzolanganligi ma'lum qilinib, ayni vaqtda mazkur hujjat kuchga kirishi uchun zarur bo'lgan davlat ichki huquqiy protseduralaridan o'tkazilayotganligi qayd etildi.
Shu o'rinda, o'zbek tomoni o'z fuqarolari uchun Makao maxsus ma'muriy hududi bilan viza talablaridan o'zaro ozod etish to'g'risida kelishuvga erishishni maqsad qilgani yetkazilib, vizasiz rejimni o'rnatish imkoniyatlari to'g'risida fikr almashildi.
Shu Vengan Yangi O'zbekistonda hukumat tomonidan olib borilayotgan siyosat va amalga oshirilayotgan islohotlar natijasida ro'y berayotgan ijobiy o'zgarishlarni, xususan, mamlakatning kun sayin dunyoga ochilib borayotgani, turli davlatlar bilan aloqalari yaxshilanib, samarali hamkorlik qilayotganligini yuksak baholadi.
Makao tomoni ham O'zbekiston bilan barcha sohalarda ikki tomonlama hamkorlikni yanada mustahkamlash, amaliy natijadorlikni oshirish, xususan, o'zaro fuqarolar almashinuvini kengaytirish va turizm sohasini izchil rivojlantirishdan birdek manfaatdor ekanligini qayd etdi.
Sohaga oid oldinda turgan masalalarni birgalikda hal etish borasida hamkorlikda ishlashga kelishib olindi.