Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston delegatsiyasining navbatdagi uchrashuvi Litva “Sanoatchilar konfederatsiyasi” rahbari va a’zolari bilan bo‘lib o‘tdi. Unda fuqarolarimizni ushbu mamlakatda tashkiliy tartibda ishga joylashtirish ko‘lamini oshirishga qaratilgan hamkorlik memorandumi imzolandi.
Konfederatsiya a’zolarining ta’kidlashicha, Litvada ishlayotgan hamyurtlarimizning mehnatsevarligi, o‘zini yaxshi tomonlama ko‘rsata olgani bois haydovchi va mexaniklarga talab yuqori.
Mazkur talabni qondirish maqsadida O‘zbekistonning o‘zida Konfederatsiya tarkibiga kiruvchi “GIRTEKA” va “TVG Groupe” kompaniyalari bilan hamkorlikda yuk avtotransporti haydovchi va mexaniklarini tayyorlovchi o‘quv markazlari tashkil etiladi. Birinchi bosqichda 200 nafar hamyurtlarimizni o‘qitib, haydovchi va avtomexanik kasblari bo‘yicha Litvadagi bo‘sh ish o‘rinlariga joylashtirishga kelishildi.
“GIRTEKA” kompaniyasida 4000 ta avtotraktdan iborat o‘z avtoparki mavjud. “TVG Groupe” kompaniyasi avtoparkida esa 800 ta avtotrakt bor.