Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Joriy yilning 16-dekabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vaziri o‘rinbosari Xurshed Mustafayev hamda Jahon banki vakillari o‘rtasida mamlakatning kichik va mikro-gidroenergetika loyihalarini qo‘llab-quvvatlash masalalari bo‘yicha muzokaralar o‘tkazildi. Ushbu uchrashuvda Jahon bankining energetika bo‘yicha katta mutaxassislar Ferxat Esen va Irina Voytexovich hamda boshqa ekspertlar, shuningdek, vazirlikning qator tarkibiy bo‘linmalari mas’ullari ishtirok etdi.
Muzokaralar davomida O‘zbekistonning qayta tiklanuvchi energetika sohasidagi maqsadlari, loyihalarning ahamiyati va ular uchun zarur texnik hamda moliyaviy yechimlar muhokama qilindi. Bundan tashqari, kichik gidroenergetika sektori uchun potensial moliyalashtirish va investitsiya loyihasini tayyorlashda Jahon bankining ko‘magi muhokama qilindi.
Yig‘ilishda kichik va mikro-gidroelektr stansiyalarni rivojlantirish mamlakatning energiya xavfsizligini ta’minlash, qishloq hududlaridagi elektr ta’minotini yaxshilash va kichik biznes uchun yangi imkoniyatlar yaratishda muhim ahamiyat kasb etishi ta’kidlandi.
Jahon banki vakillari kichik va mikro-gidroenergetika sohasida bir nechta yirik texnik tadqiqotlarni amalga oshirganini, xususan, 2021-yilda kichik va o‘rta gidroenergetika imkoniyatlarini baholash bo‘yicha dastlabki tadqiqotlar olib borilganini eslatib o‘tdi. Muzokaralarda ushbu tadqiqotlar asosida tanlangan loyihalarni amaliyotga joriy etish uchun yangi texnik yordam va moliyaviy mexanizmlar ishlab chiqilayotgani ma’lum qilindi.
O‘zbekiston tomoni Jahon banki bilan yaqin hamkorlikni davom ettirishga tayyorligini bildirdi hamda mamlakatdagi bir nechta kichik gidrostansiyani qurish rejasi ustida birgalikda ish olib borish zarurligini ta’kidladi. Muzokaralar davomida moliyalashtirish, texnik ekspertiza va ekologik jihatlar bo‘yicha muammolarni hal etish uchun tezkor ishchi guruh tashkil etilishi ham kelishib olindi.
Yig‘ilish yakunida tomonlar haftalik uchrashuvlar davomida mavjud savollarga javob topish va loyiha tayyorgarligini jadallashtirish bo‘yicha kelgusidagi amaliy qadamlarni belgilab oldi. Jahon banki vakillari ushbu loyihaga o‘zining yuqori darajadagi e’tiborini namoyon etib, loyiha doirasida har ikki tomonning faol ishtirokini ta’minlashga chaqirdi.
Muzokaralar doirasida Jahon bankining gidroenergetika sohasidagi avvalgi yutuqlari va O‘zbekistonda joriy etilgan texnik yordam loyihalari muhokama qilindi. Xususan, gidroenergetika sohasida davlat-xususiy sheriklik mexanizmlarini rivojlantirish hamda investorlarni jalb qilish masalalari alohida e’tiborga olindi.
Kelgusida tomonlar loyihalarni samarali amalga oshirish uchun muntazam ravishda muloqot va texnik yordamni kuchaytirishga kelishib oldi.