O‘zbekiston va Indoneziya havo tashishlarini ko‘paytirish va yo‘nalishlarni kengaytirishga kelishib oldi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 11-sentabrdagi PF-158-son farmoni bilan tasdiqlangan “O‘zbekiston — 2030” strategiyasining 53-maqsadiga muvofiq 2030-yilga qadar aviaqatnovlar hajmini 4 barobarga oshirish belgilangan.
Mazkur topshiriq ijrosi doirasida Transport vazirligi delegatsiyasining navbatdagi uchrashuvi Indoneziyaning Jakarta shahrida bo‘lib o‘tdi. Uchrashuvda O‘zbekiston va Indoneziya Respublikalari aviatsiya hukumatlari o‘rtasida ikki tomonlama hamkorlik va havo qatnovlarini yanada rivojlantirish masalalari muhokama etildi.
Uchrashuvda davomida Indoneziya tomoniga O‘zbekistonda “Ziyorat turizmi” hamda fuqaro aviatsiya sohasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar haqida batafsil ma’lumot berildi. Shuningdek, Indoneziya aviakompaniyalari vakillari bilan o‘tkazilgan alohida uchrashuvlarda “Umra plyus” dasturini rivojlantirish bilan bog‘liq jihatlar ko‘rib chiqildi.
Muzokaralar yakunlari boʻyicha havo qatnovi boʻyicha ikki tomonlama kelishuvda ilgari belgilangan aviakompaniyalar soniga qoʻyilgan cheklovlarni bekor qilish boʻyicha kelishuvga erishildi.
Shuningdek, Oʻzbekiston aviakompaniyalarining yangi yoʻnalishlari aniqlandi - Jakartadan tashqari Denpasar, Surabaya, Medan, Yogyakarta, Majalengka, Banda Ache, Tanjung Pandan va Lombok.
Tomonlar har bir mamlakat aviakompaniyalari uchun parvozlar chastotasini haftasiga 28 taga, ya’ni har ikki yo‘nalishda 56 tagacha oshirishga kelishib oldilar.
Bundan tashqari, Indoneziya tomonidan tayinlangan aviakompaniyalar uchun O‘zbekistonning barcha xalqaro aeroportlariga parvoz qilish huquqini berish bo‘yicha kelishuvga erishildi.