O‘zbekiston va Indoneziya davlat moliyasini boshqarish sohasidagi hamkorlikni muhokama qildi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Joriy yilning 6-may kuni O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligida Davlat budjet siyosati departamenti xodimlari Indoneziya parlamenti Vakillar palatasi Budjet qo‘mitasi raisining o‘rinbosari janob Muhiddin Muhammad Said boshchiligidagi Indoneziya delegatsiyasi vakillari bilan uchrashdi.
Uchrashuv davomida Indoneziya tomoni O‘zbekistonning davlat moliyasini boshqarish, soliq ma’murchiligi va budjet tizimida amalga oshirilgan islohotlar va sohasidagi tajribasiga chuqur qiziqish bildirdi. Iqtisodiyot va moliya vazirligi vakillari davlat budjeti tuzilishi, mablag‘larni taqsimlash mexanizmlari, shuningdek, moliyalashtirish sohasidagi ustuvorliklar hamda budjet jarayonlarining shaffofligi va samaradorligini oshirish bo‘yicha ko‘rilayotgan chora-tadbirlar haqida batafsil ma’lumot berdi.
Asosiy makroiqtisodiy ko‘rsatkichlar, fiskal siyosat, shuningdek, O‘zbekistonni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning dolzarb yo‘nalishlariga alohida e’tibor qaratildi.
Uchrashuv yakunida tomonlar o‘zaro hamkorlikni yanada kengaytirishga tayyorligini bildirildi. Shuningdek, mamlakatlar o‘rtasidagi iqtisodiy aloqalarni mustahkamlash maqsadida davlat moliyasi sohasida tajriba almashishga kelishib olindi.