Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Turizm qo‘mitasi raisi Umid Shadiyev Gruziyaning muvaqqat ishlar vakili David Kotariya bilan ikki davlat o‘rtasida turizm sohasida hamkorlik holati va istiqbollarini muhokama qildi.
Gruziya tomoniga so‘nggi yillarda O‘zbekistonda turizm sohasini rivojlantirish borasida olib borilayotgan keng ko‘lamli islohotlar natijalari, turistlar oqimini oshirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan va kelgusida rejalashtirilgan chora-tadbirlar haqida atroflicha ma’lumot yetkazildi. Uchrashuv davomida mamlakatimizga Gruziyadan sayyohlar oqimini ko‘paytirish masalasiga alohida e’tibor qaratildi.
Ikki davlatda o‘tkaziladigan turizm targ‘iboti tadbirlariga o‘zaro ishtirokni kengaytirish hamda sohani takomillashtirish, jumladan, turistlar, sarmoyadorlar va ishbilarmon doiralar uchun jozibador muhit yaratish, bo‘yicha davlatlarda to‘plangan tajribani almashish masalalarida hamkorlikni jadallashtirishga kelishib olindi.