Valyuta kurslari 31/01/2025
$1 – 12957.01
UZS – -0,09%
€1 – 13485.66
UZS – -0,05%
₽1 – 132.13
UZS – -0,14%
Qidirish
O‘zbekiston 02/02/2025 O‘zbekiston va Fransiya ta’lim sohasidagi hamkorlikni mustahkamlaydi

O‘zbekiston va Fransiya ta’lim sohasidagi hamkorlikni mustahkamlaydi

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — 31-yanvar kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri Qo‘ng‘irotboy Sharipov Fransiyaning O‘zbekistondagi Favqulodda va Muxtor elchisi Oreliya Bushez xonim bilan uchrashdi.

Muloqot davomida tomonlar oliy va professional ta’lim, ilm-fan hamda innovatsiyalar yo‘nalishidagi istiqbolli hamkorlik masalalarini muhokama qildilar. Xususan, O‘zbekistonda O‘zbek-Fransuz universiteti va O‘zbek-Fransuz professional ta’lim kampusini tashkil etish, shuningdek, yurtimizda O‘zbekiston-Fransiya uchinchi ta’lim forumini o‘tkazish tashabbuslari ko‘rib chiqildi.

Vazirning birinchi o‘rinbosari Sh. Daliyev O‘zbek-Fransuz universitetini tashkil etish bo‘yicha Bitimning mazmun-mohiyati yuzasidan batafsil muhokama o‘tkazdi.

Shuningdek, vazir Q. Sharipov mamlakatimizda sanoat va texnologik taraqqiyot yo‘lida malakali muhandislar va texnik mutaxassislar tayyorlash muhim vazifa ekanini ta’kidladi. U O‘zbek-Fransuz professional ta’lim kampusini tashkil etishga alohida e’tibor qaratish lozimligini qayd etib, bu masalaga jiddiy yondashish zarurligini bildirdi.

Uchrashuv yakunida elchi Oreliya Bushez O‘zbekiston texnikumlari va Fransiya kompaniyalari o‘rtasidagi hamkorlikni yo‘lga qo‘yish maqsadga muvofiq ekanini ta’kidladi. Shuningdek, Fransiya tomoni ushbu tashabbuslarni to‘liq qo‘llab-quvvatlashi hamda ularni amalga oshirishda Fransiyaning O‘zbekistondagi elchixonasi har tomonlama ko‘maklashishga tayyor ekanini bildirdi.

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling