O‘zbekiston va Fransiya elektrotexnika sohasida hamkorlikni mustahkamlamoqda
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Oʻzbekiston-Fransiya iqtisodiy palatasi raisi bilan investitsion hamkorlik muhokama qilindi
Fransiyada Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning davlat tashrifi doirasida ikki davlat ishbilarmon doiralari ishtirokida biznes-forum boʻlib oʻtdi.
Ushbu tadbir doirasida “O‘zeltexsanoat” uyushmasi raisi Mirziyod Yunusov CCI France Uzbekistan (Oʻzbekiston-Fransiya iqtisodiy palatasi) raisi Joanna Golas bilan uchrashdi.
Muzokaralar chogʻida Oʻzbekiston elektrotexnika sanoatining investitsion salohiyati, sohada amalga oshirilayotgan islohotlar va xorijiy sarmoyadorlar uchun yaratilayotgan sharoitlar haqida ma’lumot berildi.
Shuningdek, palata bilan hamkorlikda Fransiya kompaniyalarining Oʻzbekistonga jalb qilinishini yanada faollashtirish, investitsiya loyihalarini qoʻllab-quvvatlash va qoʻshma korxonalar tashkil etish masalalari muhokama qilindi.
CCI France Uzbekistan ikki mamlakat oʻrtasidagi savdo-iqtisodiy munosabatlarni rivojlantirishda muhim platforma hisoblanadi.
Tashkilot Oʻzbekistonda ishbilarmonlik muhitini yaxshilash, fransuz sarmoyadorlarini jalb qilish va savdo aloqalarini kengaytirishga xizmat qilishi bilan alohida ahamiyat kasb etadi.
Tadbir yakunida ikki tomon manfaatli hamkorlikni rivojlantirishga tayyor ekanliklarini bildirib, istiqbolli loyihalar yuzasidan yaqin muloqotni davom ettirishga kelishib oldilar.