Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — 15 noyabr kuni «InnoWeek.uz-2024» xalqaro innovatsion g‘oyalar haftaligi doirasida O‘zbek-Eron innovatsion texnologiyalar biznes forumi bo‘lib o‘tdi. Anjumanda 80 nafardan ortiq kompaniyalar, eronlik va o‘zbekistonlik tadbirkorlar, ilm-fan, davlat boshqaruv organlari, hokimlik va idoralar vakillari ishtirok etdi.
Tadbirda Savdo-sanoat palatasi raisi o‘rinbosari Xalimjon Safarov, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi, Innovatsion rivojlanish agentligi rahbarlari hamda tadbirkorlar o‘z ma’ruzalarida O‘zbekiston va Eron o‘rtasidagi iqtisodiy, ijtimoiy, shuningdek, innovatsion va ilm-fan sohasidagi hamkorlikni yangi pog‘onaga chiqarish dolzarb ekanligini bildirdilar.
Forumda so‘zga chiqqan Eron Islom Respublikasining O‘zbekistondagi elchisi Muhammadali Iskandariy ikki mamlakat o‘rtasida texnologiyalar sohasidagi hamkorlikning muhim jihatlarini sanab o‘tdi:
Birinchidan, texnologiyalar sohasida kiritilgan har qanday xarajat kattaroq foyda keltiradi.
Ikkinchidan, xalq farovonligi va taraqqiyoti texnologik mahsulotlar ishlab chiqarilishiga bog‘liq. U
chinchidan, texnologiyalar sohasidagi kamchiliklarni bartaraf etish ancha qiyinroq va og‘irroqdir.
To‘rtinchidan xorijiy hamkasblar bilan hamkorlik qilmasdan turib texnologiyalar sohasida taraqqiyotga erishish qiyin bo‘ladi, — deya ta’kidlab o‘tdi elchi.
Farmatsevtika va sog‘liqni saqlash, qishloq xo‘jaligi, chorvachilik va veterinariya, axborot texnologiyalari, neft-gaz va kimyoviy texnologiyalar, konchilik va metallurgiya sanoati sohalarida bo‘lib o‘tgan B2B uchrashuvlarda eronlik tadbirkorlar o‘zbekistonlik hamkorlari bilan yangi innovatsion mahsulotlar ishlab chiqarish istagini bildirdilar.