O‘zbekiston va Belarus qishloq xo‘jaligi sohasidagi hamkorlikni muhokama qildi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Qishloq xo‘jaligi vaziri Ibrohim Abdurahmonov Belarus Respublikasining mamlakatimizdagi Favqulodda va muxtor elchisi Aleksandr Ogorodnikov bilan uchrashdi. Unda agrar sohada ikki davlat hamkorligining joriy holati va istiqbolli loyihalarni amalga oshirish masalalari muhokama qilindi.
Belarus tomonining qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlash bo‘yicha tajribasi alohida e’tirof etildi. Elchi Aleksandr Ogorodnikov O‘zbekistonda yetishtirilayotgan meva-sabzavotlarning sifati va o‘ziga xos ta’mi Belarus kompaniyalari orasida katta qiziqish uyg‘otayotganini qayd etdi.
Uchrashuvda vazir Ibrohim Abdurahmonov Belarusning “Servolux Group” kompaniyasi tomonidan Toshkent viloyatida amalga oshirilayotgan parranda go‘shti ishlab chiqarish va qayta ishlash loyihasini shaxsan ko‘zdan kechirganini, bunday tashabbuslar har ikki davlat uchun manfaatli ekanini ta’kidladi.
Shuningdek, tomonlar bolalar ozuqasi va sut mahsulotlarini ishlab chiqarish, golubika yetishtirish, kartoshkachilikni rivojlantirish hamda agrar sohani mexanizatsiyalashtirish bo‘yicha hamkorlikni kengaytirish yuzasidan fikr almashdi.
Muzokaralar yakunida istiqbolli yo‘nalishlar bo‘yicha qo‘shma loyihalar paketini ishlab chiqish bo‘yicha kelishuvga erishildi.