Valyuta kurslari 18/04/2025
$1 – 12964.43
UZS – -0,23%
€1 – 14744.45
UZS – -0,12%
₽1 – 158.28
UZS – 0,38%
Qidirish
O‘zbekiston 18/04/2025 O‘zbekiston va Belarus parlamentlararo aloqalari - ikki tomonlama uchrashuv diqqat markazida

O‘zbekiston va Belarus parlamentlararo aloqalari - ikki tomonlama uchrashuv diqqat markazida

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Narbayeva Sankt-Peterburg shahrida Belarus Respublikasi Milliy Majlisi Respublika Kengashi Raisi Natalya Kochanova bilan uchrashuv o‘tkazdi.

Uchrashuv chog‘ida parlamentlararo hamkorlikning bugungi holati va istiqbollari, shuningdek, O‘zbekiston parlament delegatsiyasining joriy yil avgust oyida Belarusning Vitebsk viloyatiga bo‘lajak rasmiy tashrifiga tayyorgarlik masalalari muhokama qilindi.

Suhbat davomida bo‘lajak tadbirlarning tashkiliy va mazmun jihatlari atroflicha ko‘rib chiqildi. Xususan, ikki mamlakat mahalliy hokimiyat vakillik organlari ishtirokida hududlararo forum, uchinchi O‘zbekiston-Belarus ayollar biznes-forumi, yoshlar parlamentlari yig‘ilishini o‘tkazish haqida so‘z bordi.

Tomonlar ikki davlat hududlari, ishbilarmon doiralari, yoshlar va yetakchi ayollarni yanada yaqinlashtirishga qaratilgan ushbu tadbirlarga tayyorgarlik ko‘rish va o‘tkazish jarayonida o‘zaro hamkorlik qilishga tayyor ekanligini bildirdi.

Madaniy-gumanitar hamkorlik, taʼlim sohasidagi almashinuvlar, yoshlar siyosati sohasidagi qo‘shma loyihalarga alohida eʼtibor qaratildi. O‘zbekiston "Xotira poyezdi" va "Hamdo‘stlik bolalari" xalqaro dasturlarida ishtirok etishini tasdiqlab, ushbu tashabbuslar xalqlar o‘rtasidagi do‘stlikni mustahkamlash va tarixiy xotirani saqlab qolishda muhim ahamiyat kasb etishini taʼkidladi.

Xalqaro tashkilotlar doirasidagi hamkorlik, jumladan, saylovlarni o‘tkazish va kuzatuv missiyalarida ishtirok etish bo‘yicha tajriba almashish masalalari ham muhokama qilindi. 

Uchrashuv yakunida parlamentlararo hamkorlik surʼatini saqlab qolish va barcha darajalarda erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish muhimligi taʼkidlandi.

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling