O'zbekiston va Bahrayn odam savdosini oldini olish va jamoat tartibini saqlash yo'nalishlarida hamkorlik qiladi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — O'zbekiston elchisi Nodirjon Turg'unov (qarorgohi Ar-Riyoz shahrida joylashgan) Bahrayn ichki ishlar vaziri Shayx Roshid bin Abdulloh Ol Xalifa bilan uchrashdi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.
Muloqot chog'ida O'zbekiston va Bahrayn o'rtasida xavfsizlik sohasida o'zaro hamkorlik aloqalarini o'rnatish va tajriba almashinuvini yo'lga qo'yish masalalari xususida fikr almashildi.
Bahrayn ichki ishlar vaziri ikki mamlakat o'rtasidagi aloqalar qadim tarixga ega ekanini, ularni yaqin madaniyat, urf-odat va o'xshash an'analar bog'lab turishini bildirdi.
"So'nggi yillarda O'zbekistonda amalga oshirilayotgan keng ko'lamli islohotlar va ularning amaliy natijasini e'tirof etish kerak. O'zbekistonda kechayotgan islohotlar respublikaning xalqaro maydondagi mavqeini mustahkamlashda muhim omil bo'layapti. Bahrayn ham O'zbekiston bilan munosabatlarini rivojlantirishdan, xususan xavfsizlik sohasidagi aloqalarni yanada jadallashtirishdan manfaatdor", – dedi Bahrayn IIV rahbari.
Suhbat chog'ida ikki davlat ichki ishlar vazirliklari o'rtasida hamkorlik aloqalarini har tomonlama sifat va mazmun jihatidan boyitish muhimligini ta'kilandi.
Shuningdek, tomonlar Bahrayn ichki ishlar vaziri boshchiligidagi delegatsiyaning O'zbekistonga tashrifini tashkil etish, ikki davlat ichki ishlar vazirliklari o'rtasida maslahatlashuv kengashini tuzish, terrorizm va ekstremizmga qarshi kurash, narkotik moddalarni noqonuniy savdosini oldini olish va jamoat tartibini saqlash yo'nalishlarida tajriba almashish, xodimlar uchun qisqa muddatli o'quv kurslarini tashkil etish va boshqalar xususida fikr almashdilar.
Bo'lib o'tgan uchrashuv yakunida O'zbekiston elchixonasi va Bahrayn ichki ishlar vazirligi o'rtasidagi muloqotni davom ettirish to'g'risida kelishib olindi.