Valyuta kurslari 19/11/2024
$1 – 12825.01
UZS – 0,1%
€1 – 13552.19
UZS – 0,15%
₽1 – 128.62
UZS – 0,19%
Qidirish
Iqtisod 18/09/2024 O’zbekiston-Turkiya Savdo ishchi guruhining birinchi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi

O’zbekiston-Turkiya Savdo ishchi guruhining birinchi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Joriy yilning 17-sentabr kuni Iqtisodiyot va moliya vazirligida mutasaddi vazirlik va idoralar ishtirokida onlayn shaklda Turkiyaning Tijorat vazirligi bilan ikki mamlakat Savdo ishchi guruhining birinchi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Unda Turkiya tomonidan Tijorat vazirligi departament direktori Xakki Burunchu hamda Oʻzbekiston tomonidan Iqtisodiyot va moliya vazirligi departament direktori oʻrinbosari Shuxrat Matkarimov, Investitsiya, sanoat va savdo vazirligi departament direktori Inom Abduraxmonov, Qishloq xoʻjaligi vazirligi, Bojxona qoʻmitasi, Raqobatni rivojlantirish va isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish qoʻmitasi, Savdo-sanoat palatasi, “Oʻzeltexsanoat” uyushmasi, “Oʻzsanoatqurilishmateriallari” uyushmasi, “Oʻzcharmsanoat” uyushmasi, “Oʻzbekzargarsanoati” uyushmasi, Farmatsevtika tarmogʻini rivojlantirish agentligi hamda boshqa tarmoq tashkilotlari ekspert vakillari ishtirok etdi.

Yig‘ilish davomida ikki mamlakat o‘rtasida o‘zaro savdo munosabatlarini yanada jadallashtirish orqali savdo hajmini 5 mlrd dollarga yetkazish uchun zarur bo‘lgan chora-tadbirlar muhokama qilindi.

Shu bilan birga, savdo aylanmasini o‘sish nuqtalariga olib kelish maqsadida ikki davlat o‘rtasida qabul qilingan Imtiyozli savdo bitimini kengaytirishni jadallashtirish masalalari ko‘rib chiqildi.

Uchrashuvda tomonlar kelishuviga ko‘ra, o‘zaro savdo sohasida mavjud to‘siqlarni bartaraf etish, tarif va notarif cheklovlarni paritet asosida yumshatish va savdo aylanma hajmini o‘sishga olib kelish maqsadida tashkil etilgan Savdo Ishchi guruhning rejali vazifa hamda ishlari to‘g‘risidagi texnik topshiriq ma’qullandi.

Savdo ishchi guruhi ikki mamlakat savdo jarayonining asosiy regulyatori bo‘lib, savdoni monitoring qilish bilan birga, o‘zaro savdo hajmini yanada oshirishda zarur bo‘lgan chora-tadbirlarni ishlab chiqishga ko‘mak beruvchi organ sifatida faoliyat yuritishi belgilandi.

Shuningdek, turk tomoni joriy yil 30-sentabr kuni Turkiya tijorat vaziri o‘rinbosari boshchiligidagi delegatsiyaning O‘zbekistonga tashrifi rejalashtirilgani ma’lum qildi.

Ushbu tashrif doirasida ikki mamlakat o‘rtasidagi Imtiyozli savdo bitimini yangi mahsulotlar ro‘yxati bilan kengaytirish yuzasidan muzokaralar tashkil etilishi bildirildi.

Uchrashuv yakuni bo‘yicha Savdo ishchi guruhining faoliyatini samarali tashkil etish maqsadida aniq choralarni ko‘zda tutuvchi “Harakatlar rejasi” ishlab chiqilishi va imzolanishiga kelishib olindi.

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling