O‘zbekiston Transport vazirligi va Jahon banki transport infratuzilmasini rivojlantirish masalalarini muhokama qildi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — 19-avgust kuni Transport vazirining birinchi o‘rinbosari Mamanbiy Omarov Jahon Bankining Markaziy Osiyo bo‘yicha infratuzilma guruhi rahbari Vinni Vey bilan uchrashdi.
Uchrashuvda Jahon Banki mutaxassislari tomonidan O‘zbekiston Respublikasi transport tizimini yanada takomillashtirishga oid takliflari taqdimot qilindi. Bank vakillari bilan bugungi kunda hamkorlikda olib borilayotgan hamda kelgusida rejalashtirilgan yirik loyihalar yuzasidan fikr almashildi.
Xususan, transport infratuzilmasini takomillashtirish, sohani raqamlashtirish, respublikaning yirik shaharlarini bog‘lovchi transport tarmoqlarini takomillashtirish hamda shaharlarda mikromobillikni rivojlantirish, transport tizimida faoliyat yuritayotgan mutaxassislar, shuningdek, avtobus haydovchilarining malakasini oshirish kabi masalalar muhokama qilindi.