O‘zbekiston transport vaziri o‘rinbosari Olma-otadagi SIPA forumida so‘zga chiqdi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Qozog‘istonning Olma-ota shahrida “Markaziy Osiyo mintaqasida barqaror va ishonchli transport bog‘liqlik bo‘yicha SIPA siyosiy muloqoti” o‘z ishini boshladi.
Xalqaro transport forumi tashkiloti, Qozog‘iston Respublikasi transport vazirligi tomonidan tashkil etilgan tadbirda transport vaziri o‘rinbosari Ilhomjon Abdugafarov ishtirok etmoqda.
Tadbir davomida SIPA dasturi doirasida Markaziy Osiyo davlatlarida yuk tashish infratuzilmasini rivojlantirish bo‘yicha mintaqaviy tadqiqot natijalarini muhokama qilish, transport va logistika sohasida olib borilgan islohotlar taqdimotini o‘tkazish rejalashtirilgan.
Transport vaziri o‘rinbosari Ilhomjon Abdugafarov SIPA dasturi loyihalarini amalga oshirish doirasida O‘zbekiston kelgusi muhokamalarda ham faol ishtirok etishga hamda olingan natijalar va tavsiyalarni o‘z transport siyosatiga joriy etishga tayyorligini ta’kidlab o‘tdi.
– Biz yuk tashishning o‘zaro bog‘liqligi, ekologik xavfsizligi va barqarorligini yaxshilash bo‘yicha hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlarini aniqlash uchun transport sohasidagi qo‘shma tadqiqotlarni davom ettirishga tayyormiz,- dedi I.Abdugafarov.
Vazir o‘rinbosari Markaziy Osiyo mamlakatlarning o‘zaro manfaatlarini inobatga olib, mamlakatlarimizning transport-logistika sohasidagi o‘zaro bog‘liqligini yanada mustahkamlash, texnik standartlar va talablarni uyg‘unlashtirish, bojxona tartib-qoidalarini amalga oshirish jarayonlariga raqamli texnologiyalarni keng joriy etish, konteyner blok-poyezdlarda yuklarni tezkor yetkazib berish va tashish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish hamda imtiyozli tariflar berish bo‘yicha takliflarni ilgari surdi.