O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi Nepaldagi norozilik namoyishlari fonida fuqarolarni ehtiyotkorlikka chaqirdi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi Nepalda bo‘lib turgan fuqarolarga mamlakatda davom etayotgan ommaviy norozilik namoyishlari munosabati bilan murojaat qildi.
TIV maʼlum qilishicha, poytaxt Katmandu va bir qator boshqa shaharlarda komendantlik soati joriy etilgan. To‘qnashuvlar va jabrlanuvchilar haqida xabarlar kelmoqda. Shu munosabat bilan fuqarolarga Nepal hukumati ko‘rsatmalariga amal qilishga, xususan, odam gavjum joylardan yiroqda bo‘lish, namoyish o‘tkazilayotgan hududlarga yaqinlashmaslik, mahalliy tartib-qoidalarga qatʼiy rioya etish tavsiya etiladi.
Favqulodda holatlarda fuqarolar O‘zbekistonning Dehlidagi elchixonasi konsullik bo‘limining quyidagi telefon raqami orqali murojaat qilishlari mumkin: +91 94994 85962 (Telegram/WhatsApp).
“Fuqarolarimizni ogohlikka, hayot va sog‘liq uchun yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan xavf-xatarlarga yo‘l qo‘ymaslik uchun xavfsizlik choralariga qatʼiy rioya qilishga chaqiramiz”, — deyiladi TIV bayonotida.