O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Indoneziya savdo vaziri bilan uchrashuv o‘tkazdi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — 11 fevral kuni ikki tomonlama hamkorlik doirasida O‘zbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov Indoneziyaning savdo vaziri Budi Santoso bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Uchrashuvda ikki mamlakatda amalga oshirilayotgan iqtisodiy islohotlar dinamikasi muhokama qilindi. Bu islohotlar bozorlarni kengaytirish va biznes uchun yangi imkoniyatlar yaratishda muhim ahamiyatga ega ekani taʼkidlandi.
Muzokaralar chog‘ida tomonlar savdo-iqtisodiy aloqalarni faollashtirish, ikki mamlakat o‘rtasidagi hamkorlikda mavjud salohiyatdan to‘liq foydalanish hamda O‘zbekiston va Indoneziya biznes doiralari o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash masalalariga alohida eʼtibor qaratdilar.
Vazirlar muntazam biznes almashinuvlarni qo‘llab-quvvatlash, yangi hamkorlik kanallarini yaratish va mavjudlarini yana-da mustahkamlashga ikki tomonlama qiziqish bildirdilar. Uchrashuv yakunida o‘zaro manfaatli hamkorlikni yana-da rivojlantirish bo‘yicha keyingi qadamlar belgilab olindi.