Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Soliq kodeksiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritishni nazarda tutuvchi qonunni imzoladi.
Qonunga ko‘ra, qo‘shimcha manbalardan daromad oluvchi byudjet tashkilotlari uchun belgilangan soliq stavkalarining amal qilishini 2027-yilning 1-yanvarigacha uzaytirilmoqda.
Shuningdek, jami daromadning chegaraviy miqdorini 5 milliard so‘mdan 10 milliard so‘mga oshirish, ushbu daromad mavjud bo‘lganda soliq to‘lovchilar har oylik bo‘nak to‘lovlarini to‘liq chorak o‘tganidan keyin to‘lashini nazarda tutuvchi o‘zgartirishlar kiritilmoqda.
Prezident yoki Vazirlar Mahkamasining qaroriga asosan beriladigan byudjet subsidiyalari jami daromad tarkibiga kiritilmasligini belgilovchi o‘zgartirishlar kiritilmoqda.
Bundan tashqari o‘z mablag‘lari hisobidan nodavlat umumiy o‘rta ta’lim tashkilotlarining binolarini qurish bilan bog‘liq bo‘lgan xarajatlarga nisbatan foyda solig‘i bo‘yicha vaqtinchalik (2025-yil 1-yanvardan 2030-yil 1-yanvargacha) soliq imtiyozlari berilmoqda.
Shuningdek, belgilangan ro‘yxat bo‘yicha protez moslamalari va ularning butlovchi, ehtiyot qismlarini O‘zbekistonga olib kirish (2027-yil 1-yanvargacha) hamda O‘zbekiston rezidentlari bo‘lgan vagonlar (konteynerlar) operatorlarining temir yo‘l transportida tashish jarayonida vagonlarni (konteynerlarni) ijara shartlari asosida foydalanishga berish bo‘yicha xizmatlar ko‘rsatish aylanmasi QQSni to‘lashdan vaqtinchalik (2024-yil 1-noyabrdan 2026-yil 1 yanvargacha) ozod qilinishi nazarda tutilmoqda.