Valyuta kurslari 16/07/2025
$1 – 12778.12
UZS – 0,62%
€1 – 14931.23
UZS – 0,56%
₽1 – 164.01
UZS – 1,14%
Qidirish
Iqtisod 15/07/2025 O‘zbekiston savdoni soddalashtirish darajasi bo‘yicha rivojlangan mamlakatlarni ortda qoldirdi — UNTF Survey 2025 natijalari

O‘zbekiston savdoni soddalashtirish darajasi bo‘yicha rivojlangan mamlakatlarni ortda qoldirdi — UNTF Survey 2025 natijalari

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti (MHTI) ekspertlari tomonidan BMTning Raqamli va barqaror savdo tartibini soddalashtirish bo‘yicha global tadqiqoti (UNTF Survey) natijalari tahlil qilindi.

Ushbu tadqiqot har ikki yilda bir marotaba o‘tkaziladi, 180 dan ortiq davlatni qamrab oladi va mamlakatlar tashqi savdoda qay darajada zamonaviy raqamlashtirish standartlarini qo‘llayotganini, shaffoflikni taʼminlayotganini va byurokratiyani qisqartirayotganini baholaydi.

Tadqiqotning asosiy ko‘rsatkichi bu Savdo tartibini soddalashtirish bo‘yicha chora-tadbirlarning amalga oshirilish koeffitsiyenti (Trade Facilitation Score) bo‘lib, u 62 ta yo‘nalish bo‘yicha mamlakatning umumiy yutuqlarini aks ettiradi. Ushbu yo‘nalishlarga Jahon savdo tashkilotining Savdoni soddalashtirish bo‘yicha bitimi (TFA) qoidalari, shuningdek, qog‘ozsiz savdo, transchegaraviy elektron savdo va “yashil savdo”ni soddalashtirishga doir yangi mintaqaviy va global tashabbuslar kiradi. Tadqiqot doirasida, shuningdek, kichik biznes va ayol tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan, savdoda keng va inklyuziv ishtirokni taʼminlovchi chora-tadbirlar ham o‘rganilgan.

O‘zbekiston shaffoflikni to‘liq taʼminlagan, raqamlashtirishni oshirgan va rasmiyatchiliklarni keskin kamaytirgan holda ushbu yo‘nalishda mintaqadagi eng yaxshi natijalarni namoyish qilmoqda va nafaqat mintaqa davlatlari, balki bir qator rivojlangan mamlakatlarni ham ortda qoldirmoqda.

2025-yilda O‘zbekiston salmoqli natijalarga erishdi — yakuniy koeffitsiyent bo‘yicha 92,47 foiz. Bu Markaziy Osiyodagi o‘rtacha ko‘rsatkich (77 foiz), dunyo bo‘yicha o‘rtacha ko‘rsatkich (70,4 foiz) va rivojlangan mamlakatlar ko‘rsatkichidan (86 foiz) yuqori.

Asosiy yo‘nalishlar va ko‘rsatkichlar:

Shaffoflik — 100 foiz

Bojxonadagi rasmiyatchilik — 95,83 foiz

Qog‘ozsiz savdo — 96,3 foiz

Tashqi qog‘ozsiz savdo — 88,89 foiz

Institutsional mexanizmlar va hamkorlik — 66,67 foiz

2023-yil bilan qiyoslaganda umimiy koeffitsiyent (84,95 foiz) o‘sishi 7,5 foiz punktdan oshdi. Ayniqsa, shaffoflik va qog‘ozsiz savdo yo‘nalishlarida sezilarli rivojlanish kuzatilmoqda. Bu esa hujjatlar va qog‘ozbozlikni keskin kamaytirish, eksport-import operatsiyalarini tez rasmiylashtirish va tashqi savdo ishtirokchilari uchun ochiq tartibga solish muhitini yaratish imkonini berdi. “Yagona daricha” tizimi jadal rivojlanmoqda, ruxsatnoma va sertifikatlarni olish uchun elektron xizmatlar integratsiya qilinayapti, davlat organlari o‘rtasida elektron hujjat aylanishi kengaymoqda. Bularning barchasi O‘zbekistonning shunday yuqori natija qayd etishiga olib kelmoqda.

UNTF Survey 2025 doirasida O‘zbekiston erishgan natijalar bu nafaqat islohotlar samaradorligining tan olinishi, balki xalqaro hamkorlar va investorlar uchun ham muhim ishoradir: mamlakat tobora ochiqlashmoqda, raqobatbardosh va global yetkazib berish zanjirlariga chuqur integratsiyalashmoqda.

Bu natijalar O‘zbekistonning JSTga aʼzo bo‘lish yo‘lidagi mavqeini mustahkamlab, uzoq muddatli iqtisodiy o‘sish uchun zamonaviy va shaffof infratuzilma shakllanishiga va “O‘zbekiston–2030” strategiyasida belgilangan mahsulot va xizmatlar eksportini oshirish bo‘yicha maqsadlarga erishishga ham xizmat qiladi.

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling