Valyuta kurslari 24/04/2025
$1 – 12890.43
UZS – 0,09%
€1 – 14720.87
UZS – -0,55%
₽1 – 156.04
UZS – -1,48%
Qidirish
Texnologiyalar 17/04/2025 O‘zbekiston raqamli texnologiyalar vaziri UNDESA bilan hamkorlikni muhokama qildi

O‘zbekiston raqamli texnologiyalar vaziri UNDESA bilan hamkorlikni muhokama qildi

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Nyu-York shahridagi Birlashgan Millatlar Tashkiloti qarorgohida Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov UNDESA rahbari – BMTning Bosh kotibi o‘rinbosari Li Szyanxua bilan uchrashdi.

Uchrashuv chog‘ida tomonlar BMT Davlat xizmatlari forumi (UN Public Service Forum 2025)ni tashkil etish doirasidagi hamkorlik masalalari, shuningdek, raqamli davlat boshqaruvi, elektron ishtirok va UNDESA bilan sheriklikni mustahkamlash bo‘yicha amalga oshirilayotgan islohotlarni muhokama qildilar. 

Vazir 23–25-iyun kunlari Samarqand shahrida o‘tkazilishi rejalashtirilgan "UN Public Service Forum – 2025" tadbiriga tayyorgarlik yuzasidan amalga oshirilgan ishlar haqida ma’lumot berdi.

UNDESAning faol ko‘magi ostida forumning dastlabki konsepsiyasi ishlab chiqilgani, asosiy mavzular belgilangani, yuqori darajadagi panel sessiyalar uyushtirilayotgani va BMTga a’zo davlatlar bilan diplomatik muloqot olib borilayotgani ta’kidlab o‘tildi.

Li Szyanxua, o‘z navbatida, tashabbuslarni qo‘llab-quvvatladi hamda forumning xalqaro darajada yuqori saviyada o‘tkazilishi BMTning jamoat xizmati sohasidagi global platformasi sifatida muhim ahamiyatga ega ekanini ta’kidladi. 

Uchrashuvda, shuningdek, O‘zbekistonda davlat boshqaruvini raqamlashtirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan islohotlar muhokama qilindi. Jumladan davlat xizmatlarini elektron platforma orqali taqdim etishni takomillashtirish, davlat organlari o‘rtasida integratsiya va raqamli infratuzilmani rivojlantirish, boshqaruv jarayonlariga tahliliy yechimlar va sun’iy intellekt texnologiyalarini joriy etish masalalari qayd etildi. Vazir mazkur islohotlar Barqaror rivojlanish maqsadlari (BRM)ga to‘liq mos kelishi va “Raqamli O‘zbekiston – 2030” strategiyasining ajralmas qismi ekanini ta’kidladi. 

Sh. Shermatov davlat va jamiyat o‘rtasidagi muloqotni kuchaytirish maqsadida O‘zbekistonda elektron ishtirok vositalarini rivojlantirish bo‘yicha faol ishlar olib borilayotganini ma’lum qildi.

Yaqin kunlarda "Elektron ishtirok" milliy portalini ishga tushirish rejalashtirilgani aytildi. Ushbu platforma orqali fuqarolar jamoat muhokamalarida ishtirok etish, takliflar yuborish, davlat tashabbuslari va siyosatini monitoring qilish imkoniyatiga ega bo‘ladilar.

Li Szyanxua bu tashabbusni fuqarolarni boshqaruv jarayonlariga jalb etish borasida ilg‘or namuna sifatida baholadi va uni ochiq va hisobdor davlat tamoyillariga mos keluvchi qadam sifatida e’tirof etdi.

Tomonlar 2025-yil davomida UN DESA bilan hamkorlikda O‘zbekistonda bir qator o‘quv seminarlar (vorkshoplar) o‘tkazish masalasini muhokama qildilar. Ularning asosiy yo‘nalishlari davlat xizmatchilari uchun raqamli ko‘nikmalarni rivojlantirish, raqamli transformatsiya jarayonlarini rejalashtirish va amalga oshirish, raqamli xizmatlarning barqarorligini ta’minlash kabi masalalarni qamrab oladi. 

Uchrashuv yakunida Vazir Sh. Shermatov BMT Bosh kotibi o‘rinbosariga O‘zbekiston Respublikasi Raqamli texnologiyalar vazirligi va UNDESA o‘rtasida Local Online Services Index (LOSI) tashabbusi doirasida Memorandum imzolanishi haqida ma’lumot berdi.

Ushbu hujjat mahalliy darajadagi davlat organlarining raqamlilashuv darajasini muntazam baholash, xalqaro tajribalar bilan almashish, O‘zbekiston hududlarini global raqamli reytinglarga integratsiya qilish imkoniyatlarni yaratadi.

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling