O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi vaziri Jingu bilan qishloq xo‘jaligi sohasidagi hamkorlikni rivojlantirish masalalarini muhokama qildi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Qishloq xo‘jaligi vaziri Ibrohim Abdurahmonov Xitoy Xalq Respublikasining “Lihua Group” korporatsiyasi tarkibiga kiruvchi “Jingu” kompaniyasi rahbari Chen Wang bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Muloqot davomida qishloq xo‘jaligi sohasidagi ikki tomonlama hamkorlik aloqalarini yanada rivojlantirish masalalari, amaldagi qo‘shma loyihalarning holati va istiqbollari atroflicha muhokama qilindi.
Uchrashuv avvalida ikki davlat o‘rtasidagi agrar yo‘nalishdagi hamkorlik aloqalari so‘nggi yillarda jadal sur’atlarda kengayib borayotgani, xususan paxtachilik va urug‘chilik sohalarida samarali natijalarga erishilayotgani ta’kidlandi.
“Jingu” kompaniyasining O‘zbekistondagi amaldagi loyihalari muhokamasi chog‘ida ularning amalga oshirilish jarayonida uchrayotgan ayrim masalalar yuzasidan fikr almashildi. Tomonlar mavjud muammolarni bartaraf etish, loyiha samaradorligini oshirish yuzasidan takliflar bildirib, hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish borasida o‘zaro kelishuvga erishdilar.
Shuningdek, uchrashuvda qo‘shma ilmiy-tadqiqot ishlari, tajriba almashuvi, yuqori samarali urug‘lar yetishtirish va zamonaviy agrotexnologiyalarni joriy etish borasidagi istiqbolli loyihalar muhokama qilindi.
Uchrashuv yakunida tomonlar qishloq xo‘jaligi sohasidagi strategik sheriklikni chuqurlashtirish, mavjud loyihalarni kengaytirish va yangi tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlashga tayyor ekanliklarini bildirdilar.