O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi vaziri Italiya elchisi bilan qishloq xo‘jaligi sohasidagi hamkorlikni rivojlantirish masalalarini muhokama qildi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Bugun Qishloq xo‘jaligi vaziri Ibrohim Abdurahmonov Italiya Respublikasining O‘zbekistondagi Favqulodda va Muxtor elchisi Pergabriyele Papadiya de Bottini di Sant’aneze bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Muloqot davomida ikki tomonlama hamkorlikni yanada kengaytirish, istiqbolli loyihalarni amaliyotga joriy etish masalalari muhokama qilindi.
Uchrashuv avvalida vazir Ibrohim Abdurahmonov O‘zbekiston va Italiya o‘rtasidagi hamkorlik izchil rivojlanib borayotganini ta’kidladi. Xususan, qishloq xo‘jaligi sohasida o‘zaro tajriba almashish, agrar ta’lim yo‘nalishida talabalar almashinuvining tizimli yo‘lga qo‘yilgani yuqori baholandi.
Shuningdek, amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli loyihalar samaradorligini ta’minlash, belgilangan hamkorlik dasturi doirasida o‘zbekistonlik talabalarni Tusha universitetida o‘qishini tashkil etish va bu borada yuzaga kelayotgan ayrim masalalarni hal qilish yuzasidan fikr almashildi.
Ma’lumki, vazirlik tomonidan e’lon qilingan tanlov natijalariga ko‘ra, 18 nafar talaba Italiya oliygohida tahsil olish huquqini qo‘lga kiritgan. Hozirda ular zarur hujjatlarni tayyorlab, Italiyaga jo‘nab ketishga hozirlanmoqda.
Suhbat chog‘ida talabalarning viza hujjatlarini tezkor rasmiylashtirish masalasi ham ko‘rib chiqildi.
Bundan tashqari, O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi mutaxassislarini Italiya tajribasiga muvofiq standartlarni joriy etish bo‘yicha treninglarga yuborish va malakasini oshirish istiqbollari belgilab olindi.