Valyuta kurslari 29/08/2025
$1 – 12482.38
UZS – 0,56%
€1 – 14540.72
UZS – 1,07%
₽1 – 155.23
UZS – 0,62%
Qidirish
O‘zbekiston Prezidenti SHHT doirasidagi ko‘p tomonlama hamkorlikni kengaytirishning ustuvor yo‘nalishlarini ko‘rsatib o‘tdi

O‘zbekiston Prezidenti SHHT doirasidagi ko‘p tomonlama hamkorlikni kengaytirishning ustuvor yo‘nalishlarini ko‘rsatib o‘tdi

O‘zbekiston Prezidenti SHHT doirasidagi ko‘p tomonlama hamkorlikni kengaytirishning ustuvor yo‘nalishlarini ko‘rsatib o‘tdi

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 1-sentabr kuni Tyanszin shahrida Shanxay hamkorlik tashkiloti Davlat rahbarlari kengashining navbatdagi majlisida ishtirok etdi.

Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si Szinpin raisligida o‘tgan tadbirda Belarus Respublikasi Prezidenti Aleksandr Lukashenko, Hindiston Respublikasi Bosh vaziri Narendra Modi, Eron Islom Respublikasi Prezidenti Mas’ud Pezeshkiyon, Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Qasim-Jomart Toqayev, Qirg‘iz Respublikasi Prezidenti Sadir Japarov, Pokiston Islom Respublikasi Bosh vaziri Shahboz Sharif, Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putin, Tojikiston Respublikasi Prezidenti Emomali Rahmon, shuningdek, SHHT bosh kotibi Nurlan Yermekbayev va Mintaqaviy aksilterror tuzilmasi Ijroiya qo‘mitasi direktori Ularbek Sharsheyev qatnashdi.

Kun tartibiga muvofiq, SHHT doirasidagi ko‘p tomonlama hamkorlikni yanada rivojlantirish va tashkilot faoliyatini takomillashtirish istiqbollari muhokama qilindi, mintaqaviy va xalqaro ahamiyatga molik dolzarb masalalar yuzasidan ochiq fikr almashildi.

Xitoy Raisi Si Szinpin davlatimiz rahbariga so‘z berar ekan, mamlakatimiz yetakchisi va xalqini Mustaqillik kuni bilan qutladi hamda Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida O‘zbekiston yuksak sur’atda rivojlanib, mamlakatda hayot yaxshilangani va Xitoy tomoni bundan juda mamnunligini alohida ta’kidladi.

Prezidentimiz uchrashuv ishtirokchilarini qutlab, Xitoyning SHHTga raisligini yuksak baholadi va Ikkinchi jahon urushidagi Buyuk G‘alabaning 80 yilligi bilan tabrikladi, shuningdek, SHHTga a’zo davlatlar delegatsiyalari rahbarlariga O‘zbekiston Respublikasining Mustaqillik kuni munosabati bilan bildirgan samimiy tabriklari va ezgu tilaklari uchun minnatdorlik izhor etdi.

Mamlakatimiz yetakchisi ushbu sammit global noaniqlik sharoitida o‘tayotganini qayd etdi.

Ishonchning tizimli inqirozi, mojarolarning kengayib borayotgani, ko‘p tomonlama institutlarning zaiflashishi va jahon savdo tizimining parchalanishi xalqaro xavfsizlik va barqarorlik arxitekturasi asoslariga putur yetkazmoqda.

– Bunday sharoitda SHHT davlatlarining bir-birini o‘zaro tushunishi va birdamligi – bu faqat qimmatli boylik emas, balki bizning bepoyon mintaqamizda tinchlikni saqlashning kalitidir, – dedi O‘zbekiston yetakchisi.

SHHT doirasidagi ko‘p tomonlama hamkorlikni yanada mustahkamlash maqsadida davlatimiz rahbari quyidagi masalalarga e’tibor qaratdi.

Eng avvalo, tashkilotning samaradorligini oshirish, uning institutlari va qarorlarni amalga oshirish mexanizmlarini mustahkamlash zarurligi qayd etildi. Tashkilotni transformatsiya qilish bo‘yicha Samarqand sammitida boshlangan jarayonlar ushbu muhim vazifalarni hal etishga yordam berishiga ishonch bildirildi.

Davlatimiz rahbari SHHTni izchil kengaytirish, uning muloqot bo‘yicha sheriklari tarkibiga yangi a’zolarni, jumladan, boshqa mintaqa davlatlarini qo‘shish zarurligini, bu tashkilotni Global Janub mamlakatlari bilan hamkorlik platformasiga aylantirishga yordam berishini ta’kidladi.

Xavfsizlik sohasidagi hamkorlik SHHTning ustuvor yo‘nalishlaridan biridir.

– Bugungi kunda kelishilgan yondashuvlarga hamda ishonch va xavfsizlikni ta’minlashning yangi mexanizmlariga talab kuchayib bormoqda, – dedi O‘zbekiston Prezidenti.

Shu ma’noda, davlatimiz rahbari Yadro xavfsizligi yo‘lida ko‘p tomonlama sheriklikni mustahkamlash bo‘yicha SHHT deklaratsiyasini qabul qilishga chaqirdi. Ushbu deklaratsiya tinchlik yo‘lidagi atomni rivojlantirish va favqulodda holatlarga javob qaytarishning mustahkam asosiga aylanadi, Birlashgan Millatlar Tashkiloti shafeligidagi tarqatmaslik global rejimiga munosib hissa bo‘ladi.

Transchegaraviy tahdidlarga qarshi samarali kurashish maqsadida Ichki ishlar va jamoat xavfsizligi vazirlari kengashi ishini qayta tiklash, Jinoyatchilikka qarshi kurashishda hamkorlik to‘g‘risidagi bitimni qayta ko‘rib chiqish, Giyohvandlikka qaram bo‘lib qolishga qarshi kurashishning 2030-yilga qadar mo‘ljallangan dasturini ishlab chiqish taklif qilindi.

O‘zbekiston yetakchisi “SHHT – Afg‘oniston” muloqot guruhi faoliyati qayta tiklanishini qo‘llab-quvvatladi. Konstruktiv muloqotlarni rivojlantirish va Afg‘onistondagi ijtimoiy-iqtisodiy loyihalarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha takliflarni ishlab chiqish uning asosiy vazifalaridan biri bo‘lishi mumkin.

Jahon iqtisodiyotida kuzatilayotgan hozirgi tendensiyalarni hisobga olib, savdo-iqtisodiy hamkorlikni kengaytirishga ustuvor ahamiyat qaratilmoqda.

– Biz keng mintaqamizda iqtisodiy hamkorlikning barqaror modellarini shakllantirish tarafdorimiz, – dedi davlatimiz rahbari.

Savdoni soddalashtirish tartib-taomillari to‘g‘risidagi bitimni imzolash hamda mintaqaviy sanoat va infratuzilma loyihalarini moliyaviy qo‘llab-quvvatlashning samarali vositalarini tezroq joriy etish muhimligi qayd etildi.

Ishonchli ishlab chiqarish-logistika zanjirlarini rivojlantirish va o‘zaro sarmoyalarni rag‘batlantirish maqsadida SHHT doirasida Strategik materiallar bo‘yicha mintaqaviy markaz, Energetika konsorsiumi, startap va innovatsion loyihalarni qo‘llab-quvvatlash hamda ilgari surish uchun Venchur kompaniyalari va jamg‘armalari tarmog‘i, biznes bo‘yicha muloqotlarni yo‘lga qo‘yish va investitsiyalarni ilgari surish uchun Maxsus elektron portal kabi bir qator yangi ko‘p tomonlama tuzilmalar va kooperatsiyani qo‘llab-quvvatlash vositalarini joriy etish taklif qilindi.

Davlatimiz rahbari Shimol – Janub va Sharq – G‘arb yo‘nalishlari bo‘yicha transport-tranzit salohiyatini to‘liq ishga solish, Markaziy Osiyo orqali Fors ko‘rfazi va Hind okeani portlariga chiqadigan janubiy yo‘nalishdagi yo‘laklarni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratdi.

“SHHT yagona transport makoni”ni shakllantirish va uni “Bir makon, bir yo‘l” strategik tashabbusi bilan bog‘lash bo‘yicha sa’y-harakatlarni muvofiqlashtirish uchun katta imkoniyatlar mavjudligi ko‘rsatib o‘tildi. Yangi multimodal tarmoqlar, raqamli platformalar va “yashil” yo‘laklar yaratishni nazarda tutuvchi konsepsiyani ishlab chiqish taklif etildi.

SHHTning “yashil” transformatsiya sohasidagi hamkorligini kengaytirish borasida iqlim o‘zgarishiga moslashish, havoga zaharli gazlarni chiqarishni kamaytirish, ekologik xavf-xatarlarni bashorat qilish uchun sun’iy intellekt texnologiyalarini joriy etish masalalari bo‘yicha mintaqaviy platformani ishga tushirish zarurligi qayd etildi.

– Madaniy aloqalarni yanada chuqurlashtirish va xalq diplomatiyasi institutini kuchaytirish SHHT doirasidagi uzoq muddatli sheriklikning muhim omili hisoblanadi, – dedi O‘zbekiston Prezidenti.

Xalq ijodiyoti xalqaro festivallarini o‘tkazish, “SHHT universiteti” sheriklik tarmog‘ining onlayn kampusini yaratish, innovatsion yo‘nalishlar bo‘yicha har yili talabalar va yosh mutaxassislar o‘rtasida tanlov va olimpiadalar tashkil etish gumanitar almashuvlarni rivojlantirish hamda xalqlarimizni yanada yaqinlashtirishga kuchli turtki berishi ta’kidlandi.

“Sayyohlik yo‘lagi” va SHHT tibbiyot turizmi alyansini ishga tushirish kabi istiqbolli loyihalarni ishlab chiqish taklif qilindi.

So‘zining yakunida davlatimiz rahbari Qirg‘iz Respublikasi Prezidenti Sadir Japarovni Shanxay hamkorlik tashkilotiga raislikni qabul qilgani bilan tabrikladi.

Xitoy Raisi Si Szinpin davlatimiz rahbariga ilgari surilgan muhim tashabbuslar uchun minnatdorlik bildirib, ularni birgalikda amalga oshirish muhimligini ta’kidladi.

Majlis yakunida hujjatlarni imzolash marosimi bo‘ldi. Xususan, Tyanszin deklaratsiyasi, SHHTni 2035 yilga qadar rivojlantirish strategiyasi hamda hamkorlikning turli sohalarida sheriklikni yanada mustahkamlashga qaratilgan muhim ko‘p tomonlama hujjatlar to‘plami qabul qilindi.

#Shavkat Mirziyoyev  
Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling