Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev “O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) to‘g‘risida”gi qonunni imzoladi. Ushbu qonun mazkur institut faoliyatining asosiy jihatlarini belgilaydi.
Hujjatga muvofiq, Oliy Majlisning inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) inson huquq va erkinliklari to‘g‘risidagi qonunchilik ijrosi ustidan parlament nazoratini amalga oshiruvchi mansabdor shaxs hisoblanadi. Bu nazorat davlat organlari, shu jumladan huquqni muhofaza qiluvchi va nazorat idoralari, shuningdek, korxonalar, muassasalar, tashkilotlar va mansabdor shaxslarning faoliyatiga taalluqlidir.
Ombudsman faoliyati quyidagi asosiy prinsiplardan iborat: qonuniylik, mustaqillik, adolatlilik, insonparvarlik, kamsitishga yo‘l qo‘ymaslik, xolislik, ochiqlik.
Saylanish kuni 30 yoshga to‘lgan, kamida besh yil O‘zbekiston Respublikasi hududida muqim yashayotgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi Ombudsman lavozimiga saylanishi mumkin.
Qonun bilan Ombudsman O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi va Senati tomonidan 5 yil muddatga saylanadi va ayni bir shaxs Ombudsman lavozimiga surunkasiga ikki muddatdan ortiq saylanishi mumkin emasligi belgilandi.
Ombudsman siyosiy partiyaga a’zolikni yoki unda ishtirok etishni o‘z vakolatlari muddatiga to‘xtatib turishi yoxud tugatishi shart bo‘lib, shuningdek, ilmiy, ijodiy va pedagogik faoliyatdan tashqari haq to‘lanadigan boshqa turdagi faoliyat bilan shug‘ullanishi mumkin emas.