O‘zbekiston Prezidenti muqaddas Ramazon oyi bilan xalqni tabrikladi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev yurtdoshlarini muqaddas Ramazon oyining kirib kelgani bilan tabriklab, uni mehr-oqibat, saxovat, ezgulik va rahm-shafqat oyi sifatida alohida taʼkidladi.
Mamlakat rahbari o‘z murojaatida O‘zbekiston bu muborak oyni tinchlik va osoyishtalik muhitida kutib olayotganini qayd etib, bunday imkoniyat uchun Yaratganga shukronalik bildirdi. Shuningdek, u yurtimizda olib borilayotgan islohotlar har bir insonning shaʼni va qadr-qimmatini hurmat qilish tamoyiliga asoslanganini, bu esa islom dinining insonparvarlik ideallari bilan hamohang ekanini taʼkidladi.
Prezident tabriknomasida aholini ijtimoiy himoya qilish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi. U davlat tomonidan bemorlar, nogironlar, keksalar, yoshlar va ayollar, shuningdek, xorijda yashayotgan o‘zbekistonliklarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha chora-tadbirlar izchil davom ettirilayotganini taʼkidladi. Bundan tashqari, taʼlim tizimini rivojlantirish, yosh avlod tarbiyasi va diniy obyektlarni obodonlashtirish masalalarining muhimligi qayd etildi.
Shavkat Mirziyoyev O‘zbekistonda tinchlik, barqarorlik va millatlararo totuvlikni saqlash davlat rahbariyatining doimiy eʼtiborida bo‘lishini bildirdi. Shuningdek, u bu muborak oy butun dunyoda urush va nizolar tugashiga, o‘zaro hurmat, hamkorlik va oliyjanoblikning mustahkamlanishiga sabab bo‘lishiga umid bildirdi.
O‘zbekiston Prezidenti o‘z tabriklarini faqat yurtdoshlarga emas, balki butun musulmon olamiga yo‘llab, ularga tinchlik, farovonlik va taraqqiyot tiladi.
«Yaratgan ezgu duolarimizni, bu muborak oyda qilingan xayrli va savobli amallarimizni qabul etsin! Xalqimizning ezgu orzu-umidlari ro‘yobga chiqsin!» – deya o‘z murojaatini yakunladi davlat rahbari.