Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Osiyo infratuzilmaviy investitsiyalar banki Boshqaruvchilar kengashining yillik yig‘ilishi doirasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston–Saudiya Ishbilarmonlar kengashi hamraisi, "ACWA Power" kompaniyasi boshqaruvi raisi Muhammad Abunayyanni qabul qildi.
Saudiya Arabistoni kompaniyalari bilan amaliy hamkorlikni yanada kengaytirish, jumladan, qo‘shma investitsiya loyihalarini amalga oshirish masalalari ko‘rib chiqildi.
Davlatimiz rahbari "ACWA Power" bilan keng ko‘lamli loyihalarni amalga oshirishda muvaffaqiyatli hamkorlik qilinayotgani, Saudiya Arabistoni sarmoyasini mamlakatimizga jalb etishda kompaniya muhim o‘rin tutayotganini ta’kidladi.
Energetika, transport, axborot texnologiyalari, sog‘liqni saqlash, issiqlik ta’minoti tarmoqlarini modernizatsiya qilish, qishloq va suv xo‘jaligi kabi yo‘nalishlarda qo‘shma loyihalarni jadallashtirishga kelishib olindi.
Shu bilan davlatimiz rahbari Samarqand shahriga tashrifini yakunlab, Toshkentga qaytib keldi.