Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — O'zbekistonning yangi tayinlangan Favqulodda va Muxtor Elchisi Abat Fayzullayev (qarorgohi Rim shahrida joylashgan) Kipr Respublikasi Prezidenti Nikos Xristodulidisga ishonch yorliqlarini topshirdi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.
Kipr Respublikasi yetakchisi xorijiy diplomatlardan ishonch yorliqlarini qabul qilish marosimidagi nutqida yangi elchilarni samimiy qutlab, ularga o'z vazifalarni amalga oshirishda muvaffaqiyatlar tiladi, shuningdek, ikki va ko'p tomonlama munosabatlarni rivojlantirishda munosib hissa qo'shishiga umid bildirdi.
Kipr Respublikasi Prezidenti O'zbekiston bilan munosabatlar istiqbollariga alohida to'xtaldi. "O'zbekiston bilan ikki tomonlama, shuningdek Yevropa Ittifoqi doirasidagi hamkorlik aloqalarini rivojlantirishga alohida e'tibor qaratamiz" – dedi Prezident Nikos Xristodulidis.
Eslatib o'tamiz, O'zbekiston va Kipr o'rtasidagi diplomatik munosabatlar 1997-yil 30-mayda o'rnatilgan.
Abat Fayzullayev Kiprga tayinlangan O'zbekistonning birinchi elchisi bo'ldi. U 2023-yil oktyabr oyida O'zbekistonning Italiyadagi elchisi lavozimiga tayinlangan edi.