Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Joriy yilning 5-noyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi “Osiyo va Tinch okeani mintaqasida transchegaraviy qog‘ozsiz savdoni soddalashtirish to‘g‘risidagi hadli bitim”ning rasmiy a’zosiga aylandi.
Bitimning 19-moddasi qoidalaridan kelib chiqib, ushbu hujjat O‘zbekiston uchun 2025-yil 3-fevraldan boshlab kuchga kiradi.
O‘zbekiston Respublikasining “Osiyo va Tinch okeani mintaqasida transchegaraviy qog‘ozsiz savdoni soddalashtirish to‘g‘risidagi hadli bitim”ga qo‘shilishi yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 7-sentabrdagi PQ–316-son “Xalqaro shartnomaga qo‘shilish to‘g‘risida”gi qarori qabul qilingan.
Ma’lumot uchun: Osiyo va Tinch okeani mintaqasida transchegaraviy qog‘ozsiz savdoni soddalashtirish to‘g‘risidagi hadli bitim 2016-yil 19-mayda BMTning Osiyo va Tinch okeani mintaqasi bo‘yicha iqtisodiy-ijtimoiy komissiyasi (ESCAP) tomonidan qabul qilingan ko‘p tomonlama xalqaro hujjat hisoblanadi.
Ushbu Hadli bitimning asosiy maqsadi elektron shakldagi savdo hujjatlari va ma’lumotlarini o‘zaro tan olish va almashish uchun shart-sharoitlar yaratish, shuningdek, milliy va submintaqaviy tizimlarning operatsion muvofiqligini oshirishga ko‘maklashish orqali qog‘ozsiz transchegaraviy savdoni rivojlantirishga ko‘maklashish hisoblanadi.
Mazkur hujjat 2021-yil 20-fevraldan amal qilib kelayotgan bo‘lib, bugungi kunda, Hadli bitimga jami 14 ta mamlakat rasman qo‘shilgan.
Shu bilan birga, O‘zbekistonning ushbu hujjatga qo‘shilishi mamlakatning qog‘ozsiz savdo xalqaro tizimiga integratsiyalashuvi va Osiyo-Tinch okeani mintaqasidagi hamkor davlatlar bilan eksport-import operatsiyalarini jadallashtirish va soddalashtirishga xizmat qiladi.
Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi ushbu xalqaro shartnomani amalga oshirish uchun mas’ul vakolatli organ etib belgilangan.