O‘zbekiston Oliy sudi raisi Xanchjou shahrida Xitoy Oliy xalq sudi rahbari bilan muzokara o‘tkazdi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Bugun Xanchjou shahrida O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi raisi Baxtiyor Islomov Xitoy Xalq Respublikasi Oliy xalq sudi raisi Chjan Szyun bilan uchrashdi.
Ikki mamlakat Oliy sudlari o‘rtasidagi ko‘p qirrali munosabatlarni mustahkamlashga qaratilgan muloqot davomida taraflar sud-huquq sohasida samarali idoralararo hamkorlik uchun mavjud salohiyat va imkoniyatlar yaratilganligiga alohida eʼtibor berib, o‘zaro hamkorlik aloqalarini yana-da rivojlantirish masalalari yuzasidan fikr almashdilar.
Xususan, sudlarning ixtisoslashuvi, sud tizimida zamonaviy axborot texnologiyalari va innovatsion usullarni joriy qilish va shu kabi boshqa dolzarb masalalar muhokama etildi.
2024 yilda O‘zbekiston Respublikasi va Xitoy Xalq Respublikasi Oliy sudlari o‘rtasida imzolangan o‘zaro hamkorlik to‘g‘risidagi Memorandum hamkorlik aloqalarini rivojlantirish va takomillashtirishga huquqiy asos bo‘lib xizmat qilishi hamda ikki tomonlama sheriklikni yangi bosqichga ko‘tarishga mustahkam zamin yaratayotganligi taʼkidlandi.
Muloqot chog‘ida Xitoyning elektron savdolarga oid ishlar bo‘yicha internet-sud hamda sud jarayonlarida sunʼiy intellektdan foydalanishga doir amaliyoti haqida so‘z yuritilib, sud faoliyatiga raqamli texnologiyalarni keng joriy etish borasida o‘zaro tajriba almashish masalalariga eʼtibor qaratildi.