O‘zbekiston – Mo‘g‘uliston savdo-iqtisodiy hamkorligi yangi bosqichga ko‘tarilmoqda
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Joriy yilning 10 sentyabr kuni Mo‘g‘ulistonning poytaxti Ulan-Bator shahridagi "Made in Uzbekistan" savdo uyida ikki mamlakat 70 dan ortiq tadbirkor va yirik kompaniyalar ishtirokida ko‘rgazma-yarmarka, shuningdek B2B va B2G formatidagi uchrashuvlar bo‘lib o‘tdi.
Tadbir davomida mo‘g‘ulistonlik ishbilarmonlar bilan tirik qo‘y va mol, kashemir, jun, go‘sht hamda boshqa mahsulotlarni O‘zbekistonga yetkazib berish masalalari muhokama qilinib, hamkorlikka oid kelishuvlarga erishildi.
Shuningdek, O‘zbekiston va Mo‘g‘uliston Savdo-sanoat palatalari o‘rtasida muzokaralar o‘tkazilib, Toshkent shahrida “Mongoliya Savdo uyi”ni ochish va uning faoliyatini samarali tashkil etish masalalari muhokama qilindi.
Mazkur markaz ikki mamlakat tadbirkorlari uchun yangi biznes maydoniga aylanib, eksport-import jarayonlarini yo‘lga qo‘yish, qo‘shma loyihalarni amalga oshirish hamda ishbilarmonlar o‘rtasidagi hamkorlikni kuchaytirishga xizmat qiladi.
Tadbir O‘zbekiston va Mo‘g‘uliston o‘rtasida savdo-iqtisodiy munosabatlarni mustahkamlash va yangi hamkorlik yo‘nalishlarini ochishga zamin yaratdi.