Valyuta kurslari 24/04/2025
$1 – 12890.43
UZS – 0,09%
€1 – 14720.87
UZS – -0,55%
₽1 – 156.04
UZS – -1,48%
Qidirish
Moliya 24/04/2025 O‘zbekiston mehnat muhojirlarini qo‘llab-quvvatlashning yangi tartibini tasdiqladi

O‘zbekiston mehnat muhojirlarini qo‘llab-quvvatlashning yangi tartibini tasdiqladi

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston hukumati chet elda mehnat muhojirligida bo‘lgan fuqarolarni subsidiyalar, kompensatsiyalar va kreditlar orqali qo‘llab-quvvatlashning yangi tartibini joriy etdi. Bu haqdagi qaror “Respublika fuqarolarini chet elda tashkillashtirilgan tarzda ish bilan taʼminlash tizimini yana-da takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi hujjatda o‘z aksini topgan.

Hujjatga ko‘ra, mehnat muhojirligi bilan bog‘liq xizmatlar “yagona darcha” tamoyili asosida ko‘rsatiladigan Tashkillashtirilgan mehnat faoliyatiga tayyorgarlik markazi tashkil etiladi. Bu fuqarolarga kerakli maʼlumot va ko‘makni oson olish imkonini beradi.

Yangi tartibga ko‘ra, elektron “Xorijda ish” tizimida ro‘yxatdan o‘tgan va tashkillashtirilgan mehnat muhojirligi orqali chet elga ketayotgan fuqarolarga quyidagi qo‘llab-quvvatlash choralari amalga oshiriladi:

Chet tillari va kasbiy malaka imtihonlarini muvaffaqiyatli topshirganlar uchun — 3 ta bazaviy hisoblash miqdorigacha (BHM) kompensatsiya;

Mehnat vizasini rasmiylashtirish xarajatlari uchun — 5 BHM gacha;

Avia-chipta xaridi uchun — 2 BHM gacha kompensatsiya.

Shu bilan birga, ingliz, nemis, yapon yoki koreys tillaridan B1 yoki undan yuqori darajada xalqaro sertifikat olgan talabalar soni bo‘yicha yetakchi bo‘lgan o‘qituvchilarga 50 mln so‘m miqdorida mukofot beriladi. Jami 50 nafar pedagogni rag‘batlantirish ko‘zda tutilgan.

Iqtisodiy rivojlangan mamlakatlarga tashkillashtirilgan mehnat muhojirligi asosida ketuvchilar uchun to‘lanadigan mikrokredit miqdori 10 mln so‘mgacha bo‘lib, 2 yil muddatga beriladi. Bu kreditlar tijorat banklari tomonidan Markaziy bankning asosiy stavkasiga 4 b.p. ustama bilan beriladi.

Moddiy va ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash choralari ham kuchaytirildi:

Moliyaviy qiyin ahvolga tushib qolgan muhojirlarga beriladigan bir martalik yordam miqdori 2 BHMdan 5 BHMgacha oshirildi;

Muhtoj muhojirlarga vaqtincha turar joy (xostel) uchun 300–500 dollargacha kompensatsiya ajratiladi;

Hayot va sog‘lik sug‘urtasi bo‘yicha mukofot uchun 300 ming so‘mgacha mablag‘ qaytariladi;

Auir kasal yoki baxtsiz hodisaga uchragan muhojirlarning davolanishi uchun ajratiladigan mablag‘ 1000 dollardan 1500 dollargacha oshirildi;

Chet elda qiyin ahvolga tushgan ayollar va ularning voyaga yetmagan farzandlari O‘zbekistonga bepul qaytariladi.

Ushbu chora-tadbirlar mamlakat mehnat muhojirlarini tizimli va samarali qo‘llab-quvvatlashning muhim bosqichidir.

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling