Valyuta kurslari 05/12/2024
$1 – 12813.04
UZS – -0,1%
€1 – 13457.54
UZS – -0,27%
₽1 – 122.60
UZS – 1,34%
Qidirish
Iqtisod 26/11/2024 O‘zbekiston mehnat bozorida savdo sohasi, xususan onlayn savdo sohasida mutaxassislarga talab eng yuqori

O‘zbekiston mehnat bozorida savdo sohasi, xususan onlayn savdo sohasida mutaxassislarga talab eng yuqori

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti (MHTI) ekspertlari mahalliy mehnat bozorida ishchi kuchiga bo‘lgan talabni mutaxassisliklar kesimida o‘rgandi. 

Tahlil jarayonida 180 ta tuman va shaharda istiqomat qiluvchi 7843 nafar ish beruvchi ishtirokida 172 ta mutaxassislik kesimida so‘rov o‘tkazildi. Bugungi kunda O‘zbekiston mehnat bozorida savdo sohasi, xususan onlayn savdo sohasida mutaxassislarga talab eng yuqori ekanligi ma’lum bo‘ldi.

Ma’lumot uchun: So‘rovda qatnashgan ish beruvchilarning katta qismi (23,4 foizi) savdo sohasida faoliyat yuritadi. Respublikadagi jami korxonalar orasida savdo korxonalarining ulushi eng yuqori bo‘lib, 32,5 foizni tashkil etadi. Bu esa o‘z navbatida aynan savdo sohasi mutaxassislariga talab yuqoriligini asoslaydi. 

Qishloq xo‘jaligi va sanoat sohasi mutaxassislari, xususan, qishloq xo‘jaligi va sanoat uskunalari mexanigi (1,7 foiz), qishloq xo‘jaligi va qurilish texnikasi mutaxassislari (1,4 foiz), traktor, buldozer, kombayn haydovchilari (1,4 foiz), agronomlar (1,3 foiz), kashtachi, tikuvchi va to‘quvchilarga ham talab yuqori (1,7 foiz). 

Ta’lim muassasalarida xorijiy tillar (ingliz, nemis, koreys va boshqa chet tillar), matematika va IT o‘qituvchilariga (1,2 foiz) ham talab bor. 

Hozirgi kunda davlat sektori va xususiy sektorga tegishli korxonalarda marketolog, IT dasturchilari, buxgalterlar, kadrlar bilan ishlash bo‘yicha xodimlarga talab yuqori. 

Shuningdek, malaka talab etilmaydigan farrosh, haydovchi va bog‘bonlarga ham talab yuqori ekanligi aniqlandi. Buni ular orasida qo‘nimsizlik darajasi yuqoriligi bilan izohlash mumkin. 

Aytib o‘tish joizki, respublika miqyosida 172 turdagi mutaxassislikka talab bor, lekin hududlar kesimida ayrim turdagi mutaxassislarga talab umuman yo‘q. 

Institut kelgusi so‘rovlarda kasblar ko‘lamini kengaytirish va natijalarni raqamlashgan platforma orqali keng jamoatchilikka yetkazishni rejalashtirgan. Mazkur tahlil natijalari ta’lim muassasalari, o‘quv markazlari, kasb egallamoqchi bo‘lgan yoshlar va ularning ota-onalari uchun mehnat bozori haqida ma’lumot berishda foydali bo‘lishi mumkin.

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling