O‘zbekiston Markaziy banki va BMT Taraqqiyot Dasturi moliyaviy savodxonlik bo‘yicha pilot loyihalarni ishga tushirishga kelishib oldi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankida BMT Taraqqiyot dasturining O‘zbekistondagi vakillari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuv davomida tomonlar o‘zaro hamkorlikni kengaytirish istiqbollarini ko‘rib chiqdilar. Xususan, raqamli inklyuzivlikni oshirish va O‘zbekiston qishloq hududlarida yashovchi ayollar uchun moliyaviy xizmatlardan foydalanish imkoniyatini kengaytirish masalalariga eʼtibor qaratildi. Moliyaviy xizmatlarning ommabopligini oshirish uchun multimedia kanallaridan foydalanish masalasi alohida muhokama qilindi.
Uchrashuv ishtirokchilari moliyaviy xizmatlardan foydalanishga taʼsir etuvchi xulq-atvor omillarini aniqlash maqsadida xalqaro ekspertlar jalb qilingan holda ijtimoiy tadqiqotlar o‘tkazish imkoniyatlarini ko‘rib chiqdilar.
Uchrashuv natijalariga ko‘ra, mamlakatning ayrim hududlarida aholi moliyaviy savodxonligini oshirish bo‘yicha pilot loyihalarni amalga oshirish, shuningdek, moliyaviy taʼlimni BMT Taraqqiyot dasturining mavjud tashabbuslariga integratsiya qilish bo‘yicha kelishuvga erishildi.