Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — 2025-yilning 17-yanvaridan boshlab O‘zbekiston Markaziy banki tijorat banklari orqali 100 grammlik oltin quymalarini sotuvga chiqaradi.
Bu qaror aholining investitsiya va jamg‘arma imkoniyatlarini kengaytirish hamda qimmatbaho metallar aylanmasini ko‘paytirish maqsadida qabul qilindi. Markaziy bank bungacha 5, 10, 20 va 50 gramm og‘irlikdagi oltin quymalarini ham chiqargan edi.
Quymalar maxsus himoya upakovkasida sotuvga chiqariladi. Upakovka sertifikat sifatida xizmat qiladi, uning ustida quymaning seriya raqami ko‘rsatilgan va u qo‘shimcha xavfsizlikni ta’minlaydi. Quymalarning narxi har kuni Markaziy bankning rasmiy saytida milliy valyutada e’lon qilib boriladi.
Quymalar egalari uchun ularni qayta sotish imkoniyati yaratiladi. Agar quyma upakovkasi butun bo‘lsa, tijorat banki uni sotuv nuqtasida qayta qabul qiladi va pul mablag‘ini darhol to‘laydi. Agar upakovka shikastlangan yoki texnik talablarga javob bermasa, quymalar maxsus texnik ekspertizadan o‘tkazilgachgina qabul qilinadi. Bunda to‘lov ekspertiza yakunlangandan so‘ng amalga oshiriladi.
Upakovkasi butun bo‘lgan oltin quymalarni O‘zbekiston hududidan tashqariga olib chiqish erkin tarzda amalga oshirilishi mumkin.