Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi DOM Publishers nashriyoti tomonidan nashr etilgan "Architekturführer. Taschkent" (ISBN 978-3-86922-550-0) sayyohlik qo‘llanmasi yuzasidan xavotir bildirgan. “WHERE IN THE WORLD IS TASHKENT?” konferensiyasi natijalariga asoslangan ushbu qo‘llanmada mualliflik huquqlariga oid masalalar mavjud.
Jamg‘arma quyidagi mualliflik huquqlarining buzilishiga e’tibor qaratdi:
Loyiha ishtirokchilarining matnlaridan ruxsatsiz foydalanish yoki mualliflik noto‘g‘ri ko‘rsatilishi;
Muzey eksponatlarini tegishli ruxsatlarsiz qayta nashr etish;
Arxiv hujjatlaridan davlat organlari bilan kelishilmagan holda foydalanish;
“Tashkent. Modernism XX/XXI” loyihasi doirasida olingan suratlarni mualliflar va Jamg‘arma roziligisiz chop etish.
Jamg‘arma DOM Publishers’ga rasmiy so‘rov yuborib, vaziyatni aniqlashtirishni talab qildi. Shu bilan birga, mualliflik huquqlari va etika qoidalariga rioya qilishning muhimligi alohida ta’kidlandi. Jamg‘arma ushbu masala bo‘yicha konstruktiv hamkorlik va ikki tomon uchun maqbul yechim topish umidini bildirdi, kelgusida bunday holatlar takrorlanmasligi uchun choralar ko‘rish zarurligini qayd etdi.