O‘zbekiston kompaniyalari Vyetnamda eksport muzokaralari olib bormoqda
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Vyetnamning Ho Chi Minh shahrida bo‘lib o‘tayotgan “25th International Shoes & Leather Exhibition – Vietnam” xalqaro ko‘rgazmasi O‘zbekiston charm sanoati uchun nafaqat ishtirok, balki eksport diplomatiyasining yangi bosqichi sifatida ahamiyatli bo‘lmoqda.
“O‘zcharmsanoat” uyushmasi tashabbusi bilan tashkil etilgan “Made in Uzbekistan” pavilyoni ko‘rgazma mehmonlari va ishtirokchilarining jiddiy e’tiborini tortdi. 10 ga yaqin mahalliy korxona o‘zining tayyor charm, jelatin va maxsus poyabzal mahsulotlarini namoyish qildi. Birinchi kunlardayoq bir qator yangi xaridorlar, ulgurji importchilar va ishlab chiqaruvchi yirik kompaniyalar bilan konstruktiv muzokaralar boshlandi.
Vyetnamdagi charm, poyabzal va sumka ishlab chiqaruvchilarni birlashtirgan LEFASO uyushmasi — mintaqadagi eng yirik tarmoq birlashmalaridan biri. Uning vitse-prezidenti bilan bo‘lib o‘tgan muzokarada O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan tayyor charm mahsulotlarini LEFASO’ga a’zo bo‘lgan 2 000 dan ziyod korxonaga to‘g‘ridan-to‘g‘ri yetkazib berish mexanizmlari muhokama qilindi. Bu taklif — faqat eksport emas, balki strategik ta’minot zanjiriga kirish, ya’ni O‘zbekiston mahsulotlarining barqaror va uzoq muddatli xarid tizimiga qo‘shilishi demakdir.
Hindistonning yirik charm xaridori — STAR EXPORTS kompaniyasi O‘zbekistondan 5 ta konteyner wet-blue shaklidagi yarim tayyor charm sotib olish niyatini bildirdi. Bu — eksport uchun katta hajmdagi birinchi qadam hisoblanadi. Kompaniya hozirda “Global Avangard” MChJ bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnoma shartlari, narx, logistika va texnologik ko‘rsatkichlar yuzasidan muzokaralar olib bormoqda. Sinov namunalari asosida doimiy yetkazib berish shartlari kelishilayotgani bu hamkorlikning amaliy bosqichga o‘tayotganidan dalolat beradi.
Yevropa charm sanoatida o‘z o‘rniga ega bo‘lgan A+B HIDES kompaniyasi O‘zbekistondan finish (tayyor) shaklidagi charm mahsulotlarini xarid qilishga jiddiy qiziqish bildirdi. Ushbu muzokaralarda “Hamkor Nur Savdo” va “Global Avangard” korxonalari ishtirok etdi. Germaniya kompaniyasi nafaqat mahsulot sifati, balki ekologik standartlarga muvofiqlik, sertifikatlar va tezkor logistika imkoniyatlarini ham yuqori baholadi. Ayni damda sinov yuklamalari yuborish va texnik ko‘rsatkichlarni taqqoslash jarayoni ketmoqda.
Osiyo bozorida poyabzal va tayyor teri mahsulotlari bilan shug‘ullanuvchi JETSHOES kompaniyasi O‘zbekistondan tayyor finish shaklidagi qo‘y terisi xarid qilish bo‘yicha rasmiy qiziqish bildirdi. Ushbu kompaniya ekologik toza va qayta ishlangan mahsulotlarga ixtisoslashgan. Ochiq muloqot davomida o‘z talablariga mos texnik parametrlar yuborildi va endilikda O‘zbekiston tomoni ularga mos namuna jo‘natishga tayyorlanmoqda.
Hindistonning JAY DEE LEATHER kompaniyasi O‘zbekistonning DSM va Top Quality brendlari bilan tayyor charm mahsulotlarini yetkazib berish bo‘yicha muzokaralar olib bordi. Sinov namunasi yuborish yuzasidan kelishuvga erishildi. E’tiborli jihati shundaki, JAY DEE LEATHER mahsulotni nafaqat xarid qilish, balki uni marketing platformalari orqali ko‘p tarmoqli savdo nuqtalariga chiqarish, ya’ni Osiyo bozorida targ‘ib qilishni ham rejalashtirmoqda.