O‘zbekiston Karimovaga tegishli musodara qilingan aktivlardan tushgan mablag‘larni maktab va shifoxonalarga yo‘naltiradi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Shveysariya hududida musodara qilingan noqonuniy aktivlar, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusiga ko‘ra, sog‘liqni saqlash va ta’lim sohalariga yo‘naltirilmoqda.
Bu haqda 2022-yil 16-avgustda O‘zbekiston bilan Shveysariya o‘rtasida restitutsiya bitimi imzolangan edi. Mazkur bitim doirasida O‘zbekiston Respublikasi, Shveysariya va BMT hamkorligida BMTning ko‘p tomonlama trast jamg‘armasi huzurida “Ishonch” jamg‘armasi tashkil etildi. Uning mablag‘larini yo‘naltirish uchun Strategik qo‘mita va Fuqarolik jamiyati maslahat kengashi tuzildi.
Bitim doirasida birinchi transh uchun 131 million dollar mablag‘ni qaytarish bo‘yicha kelishuvga erishilgan. Jumladan, sog‘liqni saqlash sohasida respublikamizdagi 230 ta perinatal markaz uchun 23 turdagi 5 ming 841 dona zamonaviy tibbiy uskuna sotib olindi. Iqtisod qilingan mablag‘lar hisobidan yana 1 ming 400 dan ortiq tibbiy jihozlar olib kelinishi ko‘zda tutilgan.
Shu bilan birga, BMT tashkilotlari tomonidan 11 ming nafardan ortiq tibbiyot xodimlari o‘qitildi. Tug‘ruq muassasalarida tibbiy xizmat ko‘rsatish bo‘yicha 29 ta milliy protokol va qo‘llanmalar jahon standartlari asosida yangilandi.
“Ishonch” jamg‘armasi hisobidan ta’lim sohasida mo‘ljallangan ishlar ikkita komponentga bo‘lingan holda amalga oshirilmoqda. Birinchisi bo‘yicha axborot texnologiyalari va raqamli yechimlarni kengaytirish orqali ta’lim imkoniyatlarini oshirish loyihasi ishga tushirilgan.
Ikkinchi komponentga asosan, xalqaro tashkilotlar bilan birgalikda, maktablarda sanitariya-gigiyena tizimini yaxshilash, isitish tizimini modernizatsiya qilish, maktablarni boshqarishga jamoatchilikni jalb qilishga qaratilgan loyiha taklifi ishlab chiqilgan.
Shu munosabat bilan, Shveysariya hududida musodara qilingan noqonuniy mablag‘lar O‘zbekiston xalqi manfaatlari yo‘lida qaytarilganini olqishlaymiz. Bu kelishuvga va ijtimoiy loyihalarga hissa qo‘shayotgan barcha xalqaro tashkilotlar vakillariga minnatdorlik bildiramiz.